Chashma bulogʻi voqealarida talafot koʻrgan xonadonlar tiklab berildi

10:21 22 Avgust 2020 Jamiyat
199 0

Maʼlumki, joriy yilning 31-may kuni Fargʻona viloyati Soʻx tumanidagi Chashma bulogʻi yonidan oʻtgan Qirgʻiziston bilan chegara hududida nizo kelib chiqqandi. Ushbu noxush voqealarda Chashma mahallasida yashovchi fuqarolar Rahmatjon Toʻxtasinov va Ravshanjon Toʻxtanazarovlarning xonadonlari katta talafot koʻrgani bois, hukumatimiz tomonidan bu xonadonlarni tiklash boʻyicha topshiriqlar berilgan edi.

Shunga koʻra, R.Toʻxtasinovning xonadoni kapital taʼmirlangan boʻlsa, fuqaro R.Toʻxtanazarovga yangitdan uy qurib berildi. Qurilish-taʼmirlash ishlariga davlatimiz tomonidan 600 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Bu haqda DXX chegara qoʻshinlari axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kuni kecha ushbu xonadonlarning foydalanishga topshirish tadbiri oʻtkazildi. Unda mahalla faollari bilan birga DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari ham ishtirok etishdi. Xonadon egalari koʻrsatilgan yordam va ehtirom uchun davlatimiz rahbariyatiga oʻz minnatdorchiliklarini izhor qilishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?