Chalkashlik darsliklarda, yosh avlodda nima ayb?

19:57 05 Mart 2019 Jamiyat
765 0

Illyustrativ foto

Har qanday millat va mamlakat tamadduni ibtidosi aynan taʼlim bilan bogʻliq, yaʼni maktabdan boshlanadi. Shu sabab oʻzining ertangi kunini oʻylagan davlat borki, ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratadi. Yurtimizda Davlat byudjeti xarajatlarida umumtaʼlim sohasi yetakchi oʻrinni egallab kelayotganligi ham bejiz emas.

Taʼlim jarayonini tashkil etishda darsliklar alohida oʻrin tutadi. Binobarin, Oliy Majlis Senatining yaqinda boʻlib oʻtgan oʻn sakkizinchi yalpi majlisida keltirilganidek, soʻnggi uch yilda Davlat byudjeti va maqsadli kitob jamgʻarmasining qariyb 307 milliard soʻm mablagʻi evaziga 98 million nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan. Bu juda yaxshi. Ammo maktab darsliklarini taʼlim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yoʻl qoʻyilayotgan jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklar ham borki, bulardan aslo koʻz yumib boʻlmaydi.

Gulchehra Rixsiyeva, Oliy Majlis Senatining Fan-taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari:

— Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, maktablarning moddiy-texnika bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir paytda taʼlim sifati va natijalar biz kutgandek boʻlmayapti. Buning sababi bu borada mavjud huquqiy asoslar bugungi kun talablariga yetarlicha javob bera olmasligi, oʻz navbatida, amaldagi talablarning ham toʻliq bajarilmayotganligi bilan bogʻliq.

Darsliklarni davlat taʼlim standarti va oʻquv dasturlari talablari asosida oʻquvchilarning yoshi, aqliy, fiziologik va psixologik rivojlanish davriga muvofiq tayyorlanishida qator muammolar mavjud.

Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Darsliklarni ishlab chiqish uchun mualliflar tarkibini tanlab olish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ni olib koʻraylik. Unda darsliklar loyihasini tegishli fan oʻquv dasturlari asosida ishlab chiqish talabi boʻlishiga qaramasdan, yaratilgan darsliklar oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq kelmayotgan holatlar ham bor.

Ushbu hujjatga muvofiq, darsliklarni tanlab olish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan darsliklarni koʻrib chiqish va baholash toʻgʻrisidagi axborot sir saqlanishi belgilangan. Bu holat darslik loyihalarini shaffof baholash, ular yuzasidan keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, oʻqituvchilar, ota-onalar, ekspert va boshqa mutaxassislarning haqqoniy, xolis munosabatini bilish imkonini yoʻqqa chiqarmaydimi?..

Darsliklar tenderda gʻolib boʻlgan turli nashriyotlar tomonidan chop etilishi ham oʻquv materialining uzviyligi, uygʻunligi va izchilligini hamda predmetlararo aloqaning bogʻliqligini taʼminlashga toʻsiq boʻlmoqda.

Shulardan kelib chiqib, bu masala bilan bogʻliq huquqiy asosni bugungi kun talablariga muvofiq koʻrib chiqish va takomillashtirish ayni zaruratdir.

Ushbu yoʻnalishdagi muammolar koʻlami kengligi, ular yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar, olim va amaliyotchilar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik munosabati muhimligi inobatga olinib, Senatning oʻn sakkizinchi yalpi majlisida umumtaʼlim maktablari darsliklarining taʼlim standartlari talablariga muvofiqligi yuzasidan Hukumatga parlament soʻrovi yuborishga qaror qilindi.

Inom Xoʻjamov, Xalq taʼlimi vazirligi Oʻquv jarayonini metodik jihatdan taʼminlashni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi:

— Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 22 noyabrdagi “2005 — 2009 yillarida umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish dasturi toʻgʻrisida”gi qarorida darsliklarni yaratishda mualliflar yakka muallif sifatida ishtirok etmaslik talabi yoʻq. Shu bois 7-sinf Oʻzbekiston tarixi darsligi akademik A. Muhammadjonov hamda uni oʻqitish metodikasi F. Sultonov tomonidan yaratilgan.

Yana bir masala muallifning vafotidan keyin chop etilishi bilan bogʻliq. “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunda mualliflik huquqi uning butun hayoti va vafotidan keyin ellik yil davomida amal qilishi belgilab qoʻyilgan. Shu maʼnoda, darslik marhum akademik A. Muhammadjonov muallifligida 2017 yilda qayta chop etilganligini tushunish qiyin emas. Nashrda marhum muallifning merosxoʻr oila aʼzolari roziligi asosida, uning oʻqituvchilar uchun yozilgan metodik qoʻllanmasi F. Sultonov tomonidan takomillashtirilgan oʻquv dasturi asosida qayta ishlangan.

Uchinchi marotaba qayta nashr etilishiga qaramasdan ushbu darslikka keng jamoatchilik, amaliyotchi oʻqituvchilar va ota-onalar tomonidan mazmun va metodik jihatdan hech qanday eʼtirozlar bildirilmagan.

Hozirgi kunda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan alternativ darsliklarni yaratish boʻyicha yangi tahrirdagi qaror loyihasi tayyorlanib, tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Mazkur qaror loyihasi tasdiqlangandan soʻng umumiy oʻrta taʼlim maktablarining aksariyat darsliklari bir necha alternativ variantlarda yangidan yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Xurshida Hamroqulova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti oʻqituvchisi, filologiya fanlari doktori:

— Adabiyot darsliklaridagi xatoliklar haqida koʻplab misollar keltirish mumkin. Birgina 8-sinf darsligida 20 dan ortiq qoʻpol xatolar borligi va bu nashrdan nashrga koʻchib yurishi gʻalati. Jumladan, Alisher Navoiyning “Jongʻa chun dermen ne erdi...” deb boshlanuvchi gʻazalining aruz boʻyicha vazni ramali musammani mahfuz (aslida mahzuf boʻlishi lozim) deb koʻrsatilishini qanday tushunish kerak? Agar ilk nashridayoq shunday xato ketgan boʻlsa-chi? Unda barcha oʻquvchilar va oʻqituvchilar toʻqqiz yilgina emas, oʻn ikki yil yoki undan ortiq vaqt davomida ana shu koʻplab xatolari mavjud kitobdan foydalanib kelganlar.

Darslikning 2010 yildagi ikkinchi nashri 309-betida Fuzuliyning “Shohnoma” asari toʻgʻrisida “aruzning mutaqoribi musammani mahzuf” vaznida yozilgan deb koʻrsatish oʻrniga, “mahfuz” deyilgan. Aslida arabcha atama koʻrinishini olgan “mahzuf” soʻzi “tashlash” maʼnosini beradi va bu soʻz misrada bir boʻgʻin tushirib qoldirilganini bildiradi. “Mahfuz” esa “himoyalangan, muhofaza qilingan” demakdir. Ayni kitobda shoir Muhammad Yusufdan keltirilgan satrda “kut meni har oqshom koʻkka oy chiqqan” deyish oʻrniga “kut meni har oqshom koʻkka oy chiqqach” deb yozilgan. Bu xatolik satr jozibasini xiralashtirgan.

Shuningdek, taʼlim davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida oʻzbek adabiyoti uchun butun boshli oʻquv yili davomida, bor-yoʻgʻi, 4 — 8 soat ajratilgani, davlat tilining haftasiga 2 soat oʻqitilayotgani yoshlarni ertamiz egalari, deb bilgan jamoatchilikni jiddiy ranjitishi, shubhasizdir.

Fotima Shodiyeva, Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 126-maktabning biologiya fani oʻqituvchisi:

— Hamkasblarimiz bilan suhbatlashganimizda biologiya fanidagi ayrim dars soatlari juda murakkab va oʻquvchilar ularni oʻzlashtirishga qiynalayotgani haqida gap ketadi. Bu bejiz emas. Darslikda nazariy bilimlar qiyinlashtirib berilgani bois biz oʻquvchilarga ularni amaliy mashgʻulotlar bilan tushuntirib berish mushkul kechyapti. Buning uchun laboratoriya sharoitimiz toʻgʻri kelmaydi.

Kamida 12 soatda oʻqitilishi lozim boʻlgan butun boshli bobni, bor-yoʻgʻi, 45 daqiqa oʻrgatishga majbur boʻlyapmiz. Tabiiyki, bu kutilgan samarani bermaydi. Qolaversa, koʻpincha biologiya fani darsliklari nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilyapti. Nazarimizda, bunday muammo boʻlmasligi uchun darslik yaratish jarayonlariga oʻqituvchilarni ham jalb etish ayni muddaodir.

“Xalq soʻzi” muxbirlari yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?