“Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII xalqaro konferensiyasi boshlandi

13:46 24 Aprel 2019 Jamiyat
189 0

Bugun, 24 aprel kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida “Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” “Central Asia – 2019” XIII xalqaro konferensiyasi boshlandi. Unda 10 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar rahbarlari va mutaxassislari, olimlar, taʼlim muassasalari oʻqituvchilari, AKT mutaxassislari, jamoat arboblari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiyani Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov kirish soʻzi bilan ochdi va anjuman ishtirokchilarini tabrikladi.

Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Avaz Xojimetov soʻzga chiqdi hamda xalqaro ekspertlarga Oʻzbekistonda sohaga qaratilayotgan eʼtibor, shu jumladan, Agentlik tomonidan kitobxonlikni ommalashtirish, kitob targʻiboti, kutubxonalar va axborot resurs markazlarini rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida maʼlumot berdi.

“Mazkur xalqaro konferensiya axborot-kutubxona resurslari sohasida yangi bosqichni boshlab beradi, – dedi Avaz Xojimetov. – Bu yerda dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan professional mutaxassislar ishtirok etayotgani mahalliy mutaxassislarga juda asqatadi”.

Tadbirda Oʻzbekistonda axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga oid Prezident qarori qabul qilingani hamda ushbu qaror ijrosi boʻyicha taʼlim muassasalari kutubxonalarini adabiyotlar bilan taʼminlash, oʻzbek va jahon adabiyoti namunalarining audio variantlarini yaratish, “Bibliobus”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, QR-kodlar yordamida elektron kitoblardan foydalanish singari muhim ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

“Davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta tashabbus asosida kitobxonlikni yanada ommalashtirish, kutubxonalar fondini boyitish yuzasidan misli koʻrilmagan loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, – dedi Avaz Xojimetov. – Ishonamanki, ushbu xalqaro konferensiya oʻzaro fikr va tajriba almashish maydoni, kutubxona tizimini zamonaviy asoslarda rivojlantirish, kitobxonlikni targʻib qilish va tashkil etishga xizmat qiladi”.

Xalqaro konferensiyada, shuningdek, AQSH Kutubxona fondi ijrochi direktori Merris Sumrall, Belarus Milliy kutubxonasi direktori Roman Motulskiy va boshqa xalqaro ekspertlar xalqaro konferensiyaning ahamiyati, unda muhokama etilayotgan mavzularning dolzarbligi haqida soʻz yuritdi.

Anjumanning birinchi kunida “Biblioteka 4.0” – xizmat koʻrsatish kutubxonasining kelajak modeli”, “Kontentlar tizimini boshqarish imkoniyatlari: Axborot savodxonligini oshirish yechimlari va kutubxona dasturlari”, “Ilmiy yangiliklar agregatori tahliliy tadqiqotlar uchun axborot resursi va baza sifatida”, “Raqamlashtirilgan kolleksiyalar elektron toʻplamlarni tashkil qilish shakli sifatida: Prezident kutubxonasi tajribasi”, “Oʻzbekiston Respublikasida kutubxona va axborot sohasining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” kabi mavzularda maʼruzalar tinglanmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?