Byurokratik toʻsiqlar kamayadi

18:30 08 Sentyabr 2020 Siyosat
172 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 8-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida xalq vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Byurokratik toʻsiqlarni yana-da qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokama qildilar.

Qonun loyihasi bilan “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi, “Vasiylik va homiylik toʻgʻrisida”gi, “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi, “Oʻrmon toʻgʻrisida”gi qonunlarga, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Mehnat kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Mehnat kodeksining 80-moddasiga asosan ishga kirayotgan shaxsdan talab qilinadigan hujjatlar roʻyxatidan turar joydan maʼlumotnoma taqdim etish sharti chiqarib tashlanmoqda. Deputatlarining soʻzlariga koʻra, buning natijasida fuqarolar tomonidan mehnat shartnomalarini tuzishda ortiqcha byurokratik toʻsiqlar olib tashlanadi va sansalorliklarga chek qoʻyiladi.

“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonunga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ish joyining transportda qatnash jihatidan qulayligini (yoʻl qoʻyiladigan uzoqlikda ekanligini) belgilash funksiya va vazifalari aholi bandligiga koʻmaklashish tuman (shahar) markazlariga oʻtkazilishi boʻyicha oʻzgartirish kiritilmoqda. Bu esa, mahalliy davlat hokimiyati organlariga xos boʻlmagan vakolatlar tegishli aholi bandligiga koʻmaklashish tuman (shahar) markazlariga oʻtkazilishini anglatadi.

Yuqorida sanab oʻtilgan qator qonunlar normalariga ham shu mazmundagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlar faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish va tugatish boʻyicha qaror qabul qilishni nazarda tutuvchi funksiya va vakolatlar chiqarib tashlanmoqda va byurokratik toʻsiqlarga chek qoʻyilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi qizgʻin muhokamalardan soʻng ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?