Byudjetni shakllantirish, ijro etish, mablagʻlardan foydalanishda Oliy Majlis palatalarining mustaqilligi taʼminlanadi

10:20 24 Avgust 2019 Siyosat
80 0

Munisxon Karimova- “Xalq soʻzi”-Online. Kecha Toshkent shahrida ochilgan Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi 24-avgust kuni oʻz ishini davom ettirdi.

Yalpi majlis ikkinchi ish kunida 15 qonun va ichki ishlar, tashqi ishlar vaziri, turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining axborotlari eshitilishi hamda Senat vakolatiga kiradigan boshqa masalalar koʻrib chiqilishi kutilmoqda.

Senatorlar dastlab “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni koʻrib chiqdilar.

Senator Muxamed Jumagaldiyevning qayd etishicha,bugun amalda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining har yillik byudjeti Byudjet kodeksiga va Moliya vazirligining buyrugʻi bilan qabul qilingan “Byudjet tashkilotlari va byudjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi va shtat jadvallarini tuzish, tasdiqlash va roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga binoan shakllantirilib, tasdiqlanib, moliyalashtirib kelinmoqda.

Unga koʻra, Moliya vazirligi har yili yanvar oyining boshida Oliy Majlis palatalari rahbarlarini respublika byudjetidan ajratilishi koʻzda tutilgan mablagʻ toʻgʻrisida xat orqali xabardor qiladi. Oliy Majlis palatalari rahbarlari xatda qayd etilgan mablagʻ doirasida xarajatlar smetasini tasdiqlab mart oyigacha Moliya vazirligiga kiritadi.

Bundan tashqari, palatalar har yili 1-iyulga qadar kelgusi yil byudjetiga takliflarini ham shakllantirib, Moliya vazirligiga taqdim etishadi.

Shundan ham bugun mamlakat parlamenti byudjetini shakllantirishda qoʻmitalar, komissiyalar, fraksiya, deputatlik guruhlari hamda deputatlar va senatorlar talab, takliflari toʻliq hisobga olinmasdan qolayotganini koʻrsa boʻladi.

Umuman parlament palatalari faoliyatini moliyalashtirish meʼyorlarini belgilash, xarajatlar smetasini tasdiqlash bilan bogʻliq masalalar yechimida Moliya vazirligining yuqori mavqeiga egaligi yaqqol koʻrinadi.

Mazkur Qonun mamlakatimiz tarixida, Oliy Majlis palatalariga oʻz byudjetlarini mustaqil ravishda shakllantirish imkoniyatini berishi bilan birga, ular byudjetini tashkil etishning yaxlit Qonun bilan tartibga solinishining joriy etilishida ham muhim siyosiy ahamiyatga ega.

Qonun 6 ta moddadan iborat.

Qonunning siyosiy ahamiyatga molik yana bir muhim jihati shundan iboratki, Oliy Majlis palatalari faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetida alohida moddada nazarda tutilishining Qonun bilan belgilab qoʻyilayotganligidir. Ushbu meʼyor bugungi kungacha mamlakatimiz qonunchiligida mavjud emas edi.

Mazkur oʻzgarish oʻz navbatida byudjetni shakllantirish, ijro etish, mablagʻlardan foydalanishda Oliy Majlis palatalarining mustaqilligini taʼminlash bilan bir qatorda, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishga erishish masʼuliyatini ham oshiradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?