Byudjet ochiqligi boʻyicha hududlar reytingini yuritish lozim

11:18 25 Avgust 2020 Siyosat
166 0

2020-yilning 22-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva va Moliya vaziri Temur Ishmetov oʻrtasida boʻlib oʻtgan onlayn muloqotda “Global raqobatbardoshlik” hamda “Byudjet ochiqligi” indekslarida Oʻzbekiston oʻrnini aks ettirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Muloqot davomida ushbu indekslarga taʼsir qiluvchi islohotlarni izchil davom ettirish zarurligi, ayniqsa byudjet shaffofligini taʼminlash, byudjet ijrosi ustidan deputatlik va parlament nazoratini kuchaytirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini oshirish, byudjetni shakllantirishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish zarurligi yuzasidan fikrlar almashildi.

Senat Raisi byudjet shaffofligini taʼminlash maqsadida byudjet ochiqligi boʻyicha hududlar reytingini yuritish maqsadga muvofiqligini taʼkidlab, bunday reytingning yuritilishi muammoli hududlarni aniqlashga, fuqarolarning faollik darajasini kuzatishga, byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini nazorat qilishga, shuningdek xalqaro maydonda ijobiy baho berilishiga ham xizmat qilishini taʼkidladi.

Muloqot doirasida audit tekshiruvi va buxgalteriya hisobining milliy standartlarini xalqaro standartlarga moslashtirish choralarini koʻrish lozimligi muhokama qilindi. Bu borada tashkilotlarda ichki audit tekshiruvlarni oʻtkazishda yagona yondashuvning yoʻqligi, aksariyat holatlarda tekshiruvlar va ularning natijalari subyektiv omillarga asoslanishi qayd etildi.

Shuningdek, buxgalterlar va auditorlar jamoat birlashmalari xodimlari va aʼzolari malakasini tizimli oshirish masalasiga eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Senat Raisining fikriga koʻra, moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish hamda qator xalqaro standartlar bilan bogʻliq tushunchalarning qabul qilinishi, normativ-huquqiy hujjatlarga ham oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritishni talab qilishi mumkin. Shuning uchun “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonunni xalqaro standartlar talablari asosida qayta koʻrib chiqish lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?