Byudjet mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishiga oid savollar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki birinchi navbatda xalq vakillari tomonidan berilishi kerak – Senat Raisi

12:58 21 Oktyabr 2020 Siyosat
188 0

Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Senat Raisi oʻz nutqida mamlakatimizda ijtimoiy sohalar, yoshlar va xotin-qizlarning bandligi taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish masalalari doimo diqqat markazida boʻlishi kerakligi, kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2021-yilga moʻljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokama qilinganiga toʻxtaldi.

– Kelgusi yilga maqsadlar, rejalar katta, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Eʼtiborli jihati, Prezidentimiz byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatini yana-da kengaytirish zarurligini taʼkidladi. Qolaversa, byudjet xarajatlarining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Endilikda xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida eʼlon qilinadi. Davlat idoralarining ushbu talabga rioya etishlarini nazorat qilish esa, parlament palatalari va mahalliy Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi taʼkidlandi.

Hududlar palatasi sifatida yuqoridagi vazifalar, ularning qay darajada amalga oshirilishi biz uchun juda muhim. Odamlar ertaga savol beradi: byudjet mablagʻlari nimalarga sarflandi, xarajatlar qanchalik samarali va toʻgʻri boʻldi, nima uchun u yoki bu sohada mablagʻ yetishmaydi?

Deyarli har kuni byudjet mablagʻlarining nooʻrin sarflanishi bilan bogʻliq holatlar koʻtarilmoqda. Afsuski, soliq toʻlovchilarning bunday savollariga har doim ham asosli javob berilmayapti yoki xolis munosabat bildirilmayapti.

Biz Hisob palatasi bilan birgalikda byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish borasidagi ishlar holatini yaqinda Toshkent viloyati misolida kompleks oʻrgandik. Juda koʻplab tizimli muammolar aniqlandi. Mutasaddilarda byudjetga qoʻshimcha manbalar aniqlash borasida tashabbuskorlik, izlanish yoʻq. Ayrim hollarda ularning moliyaviy savodxonligi yetishmasligi ham koʻrinib qoldi. Muhim koʻrsatkichlarni qoʻshib yozish illatiga toʻliq barham berilmagan. Shu bois, hozirdanoq mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizni tanqidiy koʻrib chiqishimiz, byudjet nazoratini yana-da kuchaytirishimiz kerak.

Senatning tegishli qoʻmitasi hamda boshqarmasi bunday oʻrganishlar va tahlillar koʻlamini yana-da kengaytirishi, tizimli muammolar yechimi yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishi lozim.

Zero, byudjet mablagʻlarining toʻgʻri sarflanishiga oid savollar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki birinchi navbatda parlament minbaridan turib, xalq vakillari tomonidan berilishi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?