Buzilgan koʻchmas mulklar uchun hukumat fuqarolardan qancha qarzdor?

10:25 29 Iyul 2019 Iqtisodiyot
360 0

Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil may-iyun oylarida fuqarolarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlariga rioya etilishini oʻrganish maqsadida murojaatlarni alohida qabul qilish va koʻrib chiqish boʻyicha aksiya eʼlon qilingan edi.

Aksiya davomida fuqarolarning koʻchmas mulklarini tasarruf etishni cheklashda, buzilgan koʻchmas mulk uchun kompensatsiya toʻlashda, kadastr hujjatlari rasmiylashtirishda qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi va boshqa masalalar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qabul qilinib, koʻrib chiqildi, deyiladi vazirlik xabarida.

Oʻtkazilgan aksiya doirasida 2 586 ta murojaat kelib tushdi. Ularning koʻp qismi joyida hal qilindi va qanoatlantirildi.

Murojaatlarning tahlili fuqarolarni asosan noqonuniy qurilgan uy-joyga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish masalasi qiynayotganligini koʻrsatdi.

Bu borada Adliya vazirligi tomonidan Hukumatga takliflar kiritildi, natijada Hukumat tomonidan tegishli hujjat qabul qilinib, fuqarolarni qiynayotgan ushbu masalani yechish boʻyicha aniq mexanizmli qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilab berildi.

Aytish joizki, bunday muammolarning kelib chiqishiga tegishli davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining masʼuliyatsizligi bilan bir qatorda bevosita fuqarolar tomonidan arizalar kech va hujjatlar kamchilik bilan taqdim etilishi sabab boʻlganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu sohada murojaat etgan fuqarolarning masalalari ijobiy hal etilib, yakuniy ishlar olib borilmoqda.

Aholini qiynayotgan keyingi masala bu – yer uchastkalarining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlar oʻrnatilgan tartibda qoplanmayotganligidir.

Mazkur masalada eng koʻp murojaatlar Toshkent shahri hamda Toshkent va Namangan viloyatlariga, eng kami esa Navoiy viloyatiga toʻgʻri keldi.

Aksiya doirasida 2018-yil hamda 2019-yilning birinchi yarmida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkalari hamda shu munosabat bilan buzilgan qurilish obyektlarining pasporti shakllantirildi.

Bu yoʻnalishda 846 ta holatda mulkdorlarga yozma xabarnoma berilmaganligi, shuningdek, 1 388 ta holatda yozma xabar berish muddati buzilganligi, shuningdek, qurilish obyektlari ularning qiymatiga aniqlik kiritilmagan (baholanmagan) holda buzilganligi aniqlangan boʻlib, bunday holatlarning eng koʻpi Toshkent shahri va Buxoro viloyatida, eng kami esa Samarqand viloyatida kuzatildi.

Buzish ishlarini amalga oshirishda 600 mlrd. soʻmdan ortiq kompensatsiyalar toʻlab berilganligi hamda Toshkent shahri, Toshkent, Fargʻona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida buzilgan turar va noturar joylar uchun kompensatsiya toʻlash boʻyicha 300 mlrd. soʻmga yaqin qarzdorlik mavjudligi aniqlandi.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilgan yer uchastkalari oʻrniga boshqa joylardan 359,2 gektar yer uchastkasi ajratib berilgan.

Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan adliya organlari tomonidan manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash boʻyicha tegishli amaliy choralar koʻrildi.

Xususan, aksiya doirasida murojaatlarni koʻrib chiqishda 874 ta qonunbuzilish holati aniqlangan boʻlib, adliya organlari tomonidan tegishli tashkilotlarga 236 ta taqdimnoma (huquqi buzilgan jismoniy va yuridik shaxslarga jami 6,5 mlrd. soʻmdan ortiq pullik kompensatsiya qoplanishi soʻralgan) hamda 100 ta ogohnoma, shuningdek sudlarga 30,3 mlrd. soʻmlik 360 ta daʼvo arizasi kiritildi.

Masalan, Baxmal tumani (Jizzax) hokimligi tomonidan fuqaro R.I.ning binosi buzilib, unga kompensatsiya toʻlanmaganligi aniqlanib, Baxmal tuman adliya boʻlimi tomonidan fuqaro manfaatini koʻzlab Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻallaorol tumanlararo sudiga 195,8 mln. soʻmlik kompensatsiya toʻlash boʻyicha daʼvo arizasi kiritildi.

Beruniy tumanida (Qoraqalpogʻiston) fuqaro U.S.ning turmush oʻrtogʻiga tegishli boʻlgan Shobboz dehqon bozori eski istirohat bogʻidagi doʻkon binosi joylashgan yer uchastkasi tuman hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilib, kompensatsiya toʻlab berilmaganligi holati boʻyicha Beruniy tumani adliya boʻlimi tomonidan tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.

Adliya vazirligi viloyat va tuman (shahar) darajadagi hokimliklarni, vazirlik va qoʻmitalarni fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmaslikka, yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishda qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etishga chaqiradi. Shuningdek, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini qonun bilan himoya qilinayotganligi yana bir bor eslatib oʻtiladi!

Shu bilan birga, bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan ushbu sohalarda xorijiy tajriba oʻrganilib, fuqarolarning mulk huquqini taʼminlashga qaratilgan takliflar ishlab chiqilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?