Buyuk muhaddislarni kamolga yetkazuvchi maʼrifat maskani

16:56 13 Yanvar 2019 Jamiyat
454 0

Arxiv foto

Soʻnggi ikki yil mamlakatimiz hayotida yuksalishlarga boy boʻldi. Respublikamiz rahbariyati olib borayotgan ichki va tashqi siyosat uzoq-yaqin davlatlar bilan doʻstona aloqalarimizni yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Iqtisodiy-ijtimoiy sohada yuz bergan oʻzgarishlar odamlarimizning turmush darajasi yaxshilanib borishini taʼminlayapti. Taʼlim sohasida boʻlayotgan yangiliklar ham yoshu qarining xursandchiligiga sabab boʻlayotir. Ayniqsa, diniy-maʼrifiy sohada qator islohotlar amalga oshirilmoqdaki, bundan yurtimiz aholisi ham, xorijlik maʼrifatparvar insonlar ham behad mamnun boʻlyapti.

Xususan, mamlakatimizga tashrif buyurib, bu yerdagi oʻzgarishlar bilan yaxshi tanishgan, ulamolarimiz, imom-xatiblarimiz bilan hamsuhbat boʻlgan xorijlik nomdor allomalar — Shayx Ahmad Tayyib, Muhammad Avvoma va boshqalarning qanchalik havas qilib ketganiga oʻzimiz guvohmiz. Vatanimiz ravnaqi, millatimiz kelajagini ilmi butun yoshlar timsolida koʻrgan Prezidentimiz tashabbusi bilan oʻtgan yili Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining ochilishi esa xorijlik mutaxassislarni ham qiziqtirib, ularni shu dargohda ishlashga havasmand qilib qoʻydi.

Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, diniy va dunyoviy ilmlarni puxta oʻzlashtirgan kadrlar tayyorlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, jahonda iqtidorsiz odam boʻlmagani kabi iqtidorsiz millat ham yoʻq. Faqat oʻzida mavjud isteʼdodni yuzaga chiqarish uchun koʻp mehnat va kamroq harakat qiladigan odamlar hamda oʻsha odamlardan tashkil topgan millatlar bor. Kimning yoinki qaysi millatning nimaga qodirligini bilmoqchi boʻlganlar koʻhna tarix zarvaraqlarini sahifalab koʻrsa, hammasini ochiq-oydin koʻradi.

Hazrat Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida turkiylarning nihoyatda tezxotir va ilmga tashna xalq ekanini taʼkidlab oʻtgan. Bu borada boboyu momolarimiz qoʻlga kiritgan yutuqlarni sanab chiqishga urinib oʻtirmadik. Zotan, yana bir mutafakkir bobomiz Bobur Mirzo taʼbiri bilan aytganda, ayon gapning bayoniga ne hojat. Ammo mavzuga daxldor boʻlgani bois Imom Buxoriy, Imom Termiziyning nomini tilga olib oʻtsak, fikrimiz tushunarli boʻladi, degan umiddamiz.

Yurtimizga islom dini kirib kelgan pallalarda millatimizning tabiatida ana shu muborak dinga moyillik boʻlgani hamda millatimiz farzandlarining islom dinini oʻrganishga, xususan, hadis ilmiga katta iqtidori borligi yuqorida nomi tilga olinib oʻtgan zotlar siymosida koʻzga yaqqol tashlanadi.

Xabaringiz bor, 2018 yilning 16 aprelida Prezidentimizning “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat ijrosini taʼminlash, hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini puxta oʻrganish, ular asos solgan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, shuning barobarida, sohaga oid oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil etish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorda Hadis ilmi maktabi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi oliy diniy taʼlim beruvchi nodavlat taʼlim muassasasi hisoblanishi koʻrsatilgan. Maktab bitiruvchilariga diniy taʼlim sohasidagi bakalavr darajasi beriladi.

Mazkur maktabda Qurʼoni karim va hadisi shariflarning asl mohiyati oʻrgatilib, hadisshunoslik sohasida ilmiy izlanishlar olib borish koʻnikmasiga ega mutaxassislar tayyorlanadi. Shuningdek, hadislardagi ezgulikka boshlovchi umuminsoniy gʻoyalarni xalqimizga, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish ham maktabning asosiy vazifasi etib belgilangan. Hadis ilmi maktabida oʻqish muddati besh yil boʻlib, kunduzgi taʼlim shaklida olib boriladi. 2018/2019 oʻquv yili uchun qabul kvotasi 10 ta oʻrin etib belgilangan va unga arab tilini puxta oʻzlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati boʻlgan oʻrta maxsus diniy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari saralab olindi.

Vatanimizda ushbu moʻtabar ilmga qiziqqan yoshlarimizning quvonchini koʻrib, biz, katta avlod vakillari ham sevinmoqdamiz. Zero, farzandining kamolotga intilganiga guvoh boʻlib, bundan qalbi sevinchga toʻlishi ota-onalik sharafidir. Yuragiga ilmdan choʻgʻ tushgan farzandlarimiz shunga diqqatli boʻlib arab tilini yaxshi oʻrganishlarini istaymiz.

Qarorda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda maktab bilan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy va taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, xorijlik professor-oʻqituvchilarni maktabga jalb qilish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish, maktab professor-oʻqituvchilarini malaka oshirish, tajriba almashish va oʻqitish uchun chet mamlakatlarga yuborish choralarini koʻrishi belgilangani yanada quvonchli ish boʻldi.

Darhaqiqat, ilm tajriba almashish orqali kamol topadi. Shu maqsadda mazkur dargohda yurtimizda asrlar davomida shakllangan hadis ilmi maktablari anʼanalari davom ettiriladi. Shuningdek, oʻquv rejalarini tuzishda Misr, Mavritaniya, Turkiya, Pokistondagi hadis ilmlari boʻyicha dunyoning yetakchi oʻquv yurtlari tajribasi oʻrganildi va ularning qoʻlga kiritgan yutuqlari amalga joriy qilinmoqda.

Prezidentimiz 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Hadis ilmi maktabi uchun barpo etilgan oʻquv binosi, talabalarga bu yerda yaratilgan qulayliklar, ular uchun moʻljallangan yotoqxona sharoitlari bilan tanishdi.

Ushbu muassasada zamonaviy barcha sharoit muhayyo. Darslar zamonaviy pedagogik texnologiyalar, shuningdek, “Ustoz — shogird” anʼanalari asosida olib boriladi. Maktabda hadis ilmlari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan malakali oʻqituvchilar dars beradi. Shuningdek, dunyoga mashhur Al-Azhar universiteti va boshqa nufuzli oʻquv yurtlaridan ham oʻqituvchilar chaqirish rejalashtirilmoqda.

Hadis ilmi maktabi dunyoga ilm-maʼrifat eshiklarini ochib bergan ulugʻ allomalarimiz, muhaddis ajdodlarimiz ishlarini davom ettirish imkoniyatini taqdim qilmoqda. Albatta, bu dargohda taʼlim olgan yoshlarimiz ertaga malakali mutaxassislar sifatida ajdodlarimizning davomchisi boʻlishga, yoshlarimiz ongini yot gʻoyalardan himoya qilishga, ularda chinakam mafkuraviy immunitet shakllanishiga, dinimiz sofligini odamlar ongu shuuriga singdirishga xizmat qiladi, inshoolloh.

Shayx Abdulaziz MANSUR,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?