Buyuk Britaniya supermarketlarida oʻzbek paxtasi mahsulotlari paydo boʻladi

16:39 25 Iyul 2019 Iqtisodiyot
264 0

Buyuk Britaniya poytaxtida dunyo moda sanoatining eng yirik tadbirlaridan biri - Pure London koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Undan Oʻzbekiston stendi ham munosib oʻrin egalladi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Made in Uzbekistan brendi ostida “Istiqlol tekstil dizayn”, Vakkoni Collection va JV Textile Tashkent Mill korxonalari oʻzlarining toʻqimachilik mahsulotlarini taqdim etdi. Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ham joy olgani eʼtiborga loyiq.

Taʼkidlash joiz, Pure London Buyuk Britaniyada urfda boʻlgan liboslarning chakana savdosi sohasidagi eng yirik forumdir. Unda bu safar oʻrta va oliy darajadagi 700 dan ortiq brend hamda dizaynerlardan toʻqimachilik mahsulotlari, akssesuarlar, qolaversa, tayyor kiyim-kechaklar kolleksiyasi namoyish etildi. Mazkur koʻrgazma yiliga ikki marta tashkil qilinadi.

Oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar oʻz ishtiroki doirasida britan va Yevropa biznes vakillari bilan bir qator samarali uchrashuvlar ham oʻtkazishdi.

Jumladan, mezbon davlatdagi Burrows&Hare kompaniyasi direktori Sulton Ansoriy bilan Tumanli albion bozoriga Oʻzbekistondan ilk erkaklar kostyumlarini yetkazib berish boʻyicha bitim imzolandi.

Agha Establishments International mintaqaviy direktori Ali Aga esa mamlakatimizda toʻqimachilik mahsulotlari, xususan, Oʻzbekistonda tayyorlangan matodan erkaklar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish, soʻngra uni Buyuk Britaniyaga eksport qilishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini oʻrganib chiqishga qiziqish bildirdi.

Henze Projects kompaniyasi direktori Gabi Xense bilan esa joriy yil sentyabr oyida Primark, Mos Bross, Sport Direct, Mark&Spencer kabi mashhur britan brendlari vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini uyushtirishga kelishib olindi. Zero, ular mamlakatimizga mahalliy sheriklar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik hamda Buyuk Britaniya va YEI davlatlari bozorlariga oʻzbek toʻqimachilik mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyishni maqsad qilishgan.

Police Lifestyle kompaniyasining dizayn boʻyicha menejeri Aleks Opare-Juma esa Oʻzbekistonning Vakkoni Collection korxonasi tomonidan tayyorlangan kurtka, kostyum va erkaklarning boshqa liboslarini katta miqdorda sotib olishga qiziqish bildirdi. Faqat ushbu mahsulotlar britan tomonidan taqdim etilgan dizayn asosida tikilishi kerak.

HOD Fashion House kompaniyasi vakili Kevin Kanningem bilan muloqot ham samarali kechdi. U kompaniyasi JV Textile Mill Tashkent korxonasida ishlab chiqarilgan paypoq mahsulotlarini juda koʻp hajmda xarid qilmoqchi ekanligini bildirdi.

Janubiy London Savdo-sanoat palatasi aʼzosi Amadin Rayan bilan esa Janubiy London bilan Namangan va Qashqadaryo viloyatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Koʻrgazmadagi yana bir amaliy natija Vakkoni Collection(Namangan) va The Notting Hill Gate Shopping Bag(London) kompaniyalari oʻrtasida shartnoma imzolangani boʻldi. Unga koʻra, Buyuk Britaniyaga oʻzbek paxtasidan tayyorlangan biologik toza sumkalar yetkazib beriladi. Mazkur xaltalar suvenirlar va oziq-ovqat mahsulotlari uchun moʻljallangan.

Bunday tovarlar nafaqat London, balki Buyuk Britaniyaning boshqa shaharlaridagi supermarketlarda ham keng tarqalishi kutilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?