Buyuk Britaniya bozoriga Oʻzbekistonda yetishtirilgan 20 tonna “Torpedo” navli qovun yetkazib berildi

17:56 13 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
678 0

Nafaqat Buyuk Britaniya, balki Yevropadagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sotuviga ixtisoslashgan, umumiy maydoni 13 gektarni egallagan “New Spitalfields Market” ulgurji bozoriga Oʻzbekistonda yetishtirilgan 20 tonna «Torpedo» navli qovun yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Sentyabr oyi boshida Samarqand viloyatidagi “GardenCells” korxonasi va Britaniyaning “Vita Plus Ltd” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan shartnoma doirasida Londonning Gʻarbiy Xalqaro bozorida oʻzbek quritilgan mevalarining birinchi joʻnatmasi sotilgandi.

— Kompaniyamiz va britaniyalik sheriklar oʻrtasida eksklyuziv shartnoma asosida amalga oshirilgan oʻzbek qovunining Britaniya bozoriga birinchi joʻnatmasining yetkazib berilishi Yevropada Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qiziqish tobora ortib borayotganining yana bir misolidir, — dedi “Jahon Exim Group” MCHJ direktori Jahongir Gʻiyosov. — Oʻzining shirin taʼmi bilan mashhur boʻlgan oʻzbek qovunlari mahalliy isteʼmolchilar tomonidan munosib baholanadi, degan umiddamiz. Kompaniya yetkazib berilayotgan mahsulotlar turini qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar, jumladan, organik va quritilgan, shuningdek, muzlatilgan quritilgan meva va sabzavotlarni qoʻshib kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Yevropa mamlakatlarida Oʻzbekistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qiziqish izchil ravishda oʻsib bormoqda. Oʻz navbatida, mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha eng yirik ishlab chiqarish bazasiga ega va soʻnggi yillarda eksport geografiyasini sezilarli darajada kengaydi. 

Mamlakatimizning Londondagi elchixonasi koʻmagi bilan oʻzbek qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Britaniya bozoriga eksport qilish hajmini koʻpaytirish boʻyicha ishlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini inspeksiyasi va Buyuk Britaniyaning Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi vazirligi (DEFRA) oʻrtasida doimiy aloqalar oʻrnatilgan. Joriy yil avgust oyida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida Buyuk Britaniya tomoni anor, gilos, olxoʻri, oʻrik, xurmo, olma, nok, uzum, limon, achchiq qalampir va pomidor kabi fitosanitariya sertifikatlariga ega oʻzbek mahsulotlarini Angliya bozoriga yetkazish imkoniyatlari mavjudligini taʼkidladi.

“DEFRA”, shuningdek, tegishli boʻlimlar oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik, shu jumladan qoʻshma ilmiy izlanishlar, nashrlarni tashkil etish, hududlarda laboratoriya diagnostikasini kuchaytirish va boshqa tadbirlar orqali hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?