Buxorolik oʻymakor Qoʻqonga yongʻoqdan yasalgan kema olib ketyapti

09:58 23 Avgust 2019 Jamiyat
344 0

Joriy yilning 10 -15-sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtadigan I Xalqaro hunarmandchilik festivalida 80 nafar buxorolik xalq amaliy ustasi ishtirok etadi.Ular hunarmandchilikning 14 yoʻnalishi boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish qilishadi.

-Xalqaro festivalga puxta taraddud koʻrayapmiz,-deydi yosh hunarmandlardan biri, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti sohibi Muhammadjon Haydarov.-Negaki, zimmamizdagi masʼuliyat katta.Festival kunlarida butun dunyoning nazari xalq amaliy sanʼati vakillariga qaratiladi.Yurtimizning boy tarixi, anʼanalari, qadriyatlarini oʻz asarlarimiz orqali xuddi koʻzguda aks ettirgandek koʻrsatib berishimiz kerak.Shaxsan oʻzim festival uchun 200 dan ziyod yogʻoch oʻymakorligi mahsulotlarini tayyorlab qoʻydim.

Ular orasida yogʻoch oʻymakorligi asosida yongʻoq yogʻochidan ishlangan moʻjaz kema alohida ajralib turadi.Uzunligi 1,8 metr boʻlgan bu kemachaga milliy naqshlar bilan zeb berilgan.Uning hatto yelkanida ham jajji chiroqlar oʻrnatilgan.Muhammadjon kemaga “Mirzo Bobur” yozuvini ham tushirib, unga buyuk ajdodimiz nomini bergan.Taʼbir joiz boʻlsa, bu antiqa suvenirni “Sogʻinch kemasi” deb atagan boʻlardik.Zero, Hindistonda buyuk imperiyaga asos solgan shoh va shoir Mirzo Bobur bir umr ona –yurtini, jannatmonand Fargʻona vodiysini sogʻinib yashagan.

Yana mavzuga qaytib aytish lozimki, xalqaro festivalda ishtirok etadigan buxorolik zardoʻz, kulol, zargar, yogʻoch oʻymakori, miniatyurachi rassom, kandakorlarning barchasi xorijda oʻtkazilgan nufuzli koʻrgazma, anjumanlarda qatnashishgan.Ular Qoʻqonda mahorat saboqlari ham oʻtkazishadi.

Viloyat Hunarmandchilik boshqarmasidan bizga bildirishlaricha, ayni paytda Buxoroda uyushmaning 2625 nafar aʼzosi bor.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?