Butunjahon jamiyati aʼzolari Oʻzbekiston Prezidentiga murojaat qildi

10:55 28 Avgust 2019 Jamiyat
227 0

Avval xabar qilinganidek, 22-27-avgust kunlari Toshkent, Termiz, Buxoro va Samarqand shaharlarida “Oʻzbekiston – buyuk yoʻllar va sivilizatsiyalar chorrahasi: imperiyalar, dinlar va madaniyatlar” mavzusida madaniy meros haftaligi oʻtkazildi. Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizimni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va boshqa qator vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda, shuningdek neft sohasida xizmat koʻrsatuvchi “Eriell Group” kompaniyasi koʻmagida oʻtkazilgan anjuman doirasida turli konferensiyalar, koʻrgazmalar, taqdimotlar, davra suhbatlari, ilmiy amaliy muloqotlar, tarixiy obidalarga sayohatlar, madaniy-maʼrifiy kechalar tashkil etildi.

Jumladan, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyatining III kongressida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan 300 nafarga yaqin olimlar, mutaxassislar, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy muassasalar rahbarlari, yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Mazkur kongressda Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish va saqlash bilan bogʻliq yuzlab maʼruzalar tinglandi, yangi kashfiyotlar eʼlon qilindi.

Taʼkidlash joizki, kongress arafasida Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish Butunjahon jamiyati Parijda yuridik roʻyxatdan oʻtkazilib, rasmiy maqomga ega boʻldi.

Kongress yakunida Butunjahon jamiyati aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga murojaatnoma qabul qildi.

Murojaatnomada jumladan shunday deyiladi:

“...Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish va taraqqiy ettirish yoʻlida zaruriy shart-sharoitlarni yaratishga yoʻnaltirilgan yuksak faoliyatingiz uchun Sizga samimiy ehtiromimizni izhor etishga ijozat etgaysiz. Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirishga yoʻnaltirilgan va “Moddiy va nomoddiy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal qilish strategiyasi” mavzusidagi xalqaro konferensiya qatnashchilariga yoʻllagan tabrigingizda tilga olingan tashabbuslaringizni biz oʻta muhim ahamiyatga ega deb bilamiz.

Ushbu tashabbuslarni toʻlaqonli baholashimizga imkon bergan Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi davomida yaratilgan ajoyib imkoniyatlar uchun Sizdan minnatdormiz.

Taʼkidlash joizki, yuksak qoʻllab-quvvatlashingiz tufayli amalga oshirilayotgan ushbu loyiha oʻzlarining kasbiy qiziqishlarini, ayni paytda ilmiy hayotining oʻzini ham Oʻzbekistonni oʻrganish bilan bogʻlagan xorijiy va mahalliy olimlarni birlashtirish uchun misli koʻrilmagan sharoitlar yaratdi. Dunyo ilmiy kuchlarining birlashuvi, olimlarning oʻziga xos xalqaro ilmiy laboratoriyasi yuzaga kelgani jamiyatimizning kuchli tomonlaridan biri deyish mumkin. Shunga bogʻliq ravishda biz Oʻzbekistonga madaniyat va sanʼat tarixiga oid tadqiqotlar, maʼrifat va taʼlim sohalarida har tomonlama koʻmak berishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.

Fursatdan foydalanib, oʻzbek xalqiga xos sharqona mehmondoʻstlik uchun chuqur minnatdorchilik izhor etib, Sizga mustahkam sogʻliq, insonparvar maqsadlaringizda va gullab-yashnayotgan Oʻzbekistonni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan samarali ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar tilaymiz!”

Taʼkidlash joizki, mazkur jamiyat aʼzolari tomonidan shu paytga qadar “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” loyihasi doirasida 20 ta kitob-albom chop etildi va yana 13 tasi nashrga tayyorlanmoqda, 30 dan ortiq hujjatli filmlar suratga olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?