Butunrossiya davlat kinematografiya instituti oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun tanlov asosida qabul eʼlon qildi

18:32 09 Iyul 2020 Madaniyat
224 0

Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) «Oʻzbekkino» bilan hamkorlikda oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun tanlov asosida qabul eʼlon qildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Ushbu qabul kino sohasi kadrlarini tayyorlash, mahorat darslari oʻtkazish uchun institut professor-oʻqituvchilarini jalb qilish boʻyicha «Oʻzbekkino» Milliy agentligi bilan VGIK oʻrtasida imzolangan kelishuv doirasida tashkil etilmoqda.

Unga koʻra, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti kino sohasiga qiziquvchi, ushbu yoʻnalishda tahsil olishni istagan oʻzbekistonlik abituriyentlar uchun tanlov asosida onlayn qabul tashkil qiladi.

Abituriyentlar ushbu institutda kino va televizion rejissyorlikning badiiy film va telefilm, nobadiiy film va telefilm, televizion koʻrsatuvlar, animatsiya va kompyuter grafikasi, multimedia, dramaturgiya rejissyorligi, kinoshunoslik va prodyuserlik yoʻnalishlariga kirish uchun hujjat topshirishlari mumkin.

Nomzodlardan rus tilini bilish talab etiladi. Zarur hujjatlar hamda ijodiy ishlar haqidagi maʼlumotlar “uzbekkino_vgik@mail.ru” elektron manzili orqali 15-iyulga qadar qabul qilinadi.

Maʼlumot oʻrnida, 2018-yilda Butunrossiya davlat kinematografiya institutining 100-yillik yubileyi yurtimizda oʻtkazilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?