Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi

21:49 19 Noyabr 2020 Siyosat
491 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni qurilish sohasiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Maʼlumki, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish rejalashtirilgan. Davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida bu ishlarni har tomonlama chuqur oʻylab loyihalashtirish zarurligini taʼkidlagan edi. Shu asosida loyiha qayta koʻrib chiqilib, takomillashtirildi. Unga koʻra, katta masjid, toʻrtta minora va keng ayvonlar qurish, xiyobon, uning atrofida mehmonxonalar hamda boshqa infratuzilma obyektlari barpo etish koʻzda tutilgan.

Prezidentimiz taqdimot bilan tanishar ekan, ziyoratchi va boshqa sayyohlar uchun qulayliklarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev bugungi taqdimot chogʻida majmuani jahon andozalari darajasida sifatli qurish, ziyoratchilarga qulayliklarni oshirish boʻyicha qator koʻrsatmalar berdi.

Tadbirda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyining yangi binosi loyihasi ham muhokama qilindi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi buyurtmasi bilan dunyoga mashhur yapon meʼmori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga muvofiq, muzeyning mavjud binosi yonida aylana shaklida 3 qavatli yangi inshoot qad koʻtarishi koʻzda tutilgan.

Bu qurilishning ahamiyati shundaki, muzeyning hozirgi sharoiti bilan mavjud eksponatlarning bor-yoʻgʻi 3 foizini namoyishga qoʻyish mumkin. Yangi imorat qurilgach, ushbu sanʼat dargohining koʻrgazma maydoni kengayadi.

Muzey binosini rekonstruksiya qilish loyihasi obyektning tarixiy qiymati va yaxlitligini saqlab qolgan holda meʼmorchilikdagi zamonaviy tendensiyalarni hamda bugungi kunning ijtimoiy arxitekturasini aks ettiradi, poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshadi.

Davlatimiz rahbari 16-oktyabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosini borib koʻrganida bu yerda soha klasteri tashkil etish, hududni quruvchilar massiviga aylantirish lozimligi yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Shu maqsadda institut atrofidagi maydonlar ham qoʻshilib, yangi loyiha ishlab chiqildi.

Unga koʻra, oliy taʼlim muassasasi yonida qurilish kolleji, qurilish materiallari boʻyicha ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriya, yotoqxonalar, sport majmuasi va boshqa obyektlar barpo etilishi moʻljallangan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami kengaydi. Ayniqsa, koʻp qavatli uylar qurilib, aholining eng muhim talabi qondirilmoqda.

Surxondaryo viloyatida ham shu kabi ishlar rejalashtirilgan. Xususan, Termiz shahrining Beruniy koʻchasida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, masjid, mehmonxona, turar joylar, mahalla guzari va koʻplab tadbirkorlik subyektlari joylashgan. Mazkur markaziy koʻchaning yangi loyihasiga koʻra, rekonstruksiya va qurilish ishlari amalga oshiriladi. Denov tumanining Nurli manzil va Lochin mahallalarida energiya tejamkor koʻp qavatli uylar, ijtimoiy muassasalar barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent shahrida amalga oshiriladigan bunyodkorlik ishlari haqida ham maʼlumot berildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari shu yil 12-iyun kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida boʻlib, uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha vazifalarni belgilab bergan edi. Xususan, Toshkent tumanining bir qismini Olmazor tumaniga oʻtkazib, yangi turar joylar va korxonalar barpo etish taklif qilingandi.

Bugun taqdim etilgan loyihaga binoan, 200 gektardan ziyod ushbu hududda 150 ming aholiga moʻljallangan koʻp qavatli uylar, maktab, bolalar bogʻchasi, istirohat bogʻi, tijorat zonasi qurilishi koʻzda tutilgan.

Yana bir loyiha poytaxtimizdagi “Navroʻz” qabullar uyidan samarali foydalanishga oid. Ushbu majmuani kapital taʼmirlab, Davlat ishtirokidagi korxonalarni sogʻlomlashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirish markazi tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda tadbirkorlarga maʼlumotlar ochiq va shaffof tarzda taqdim etiladi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Temurbeklar maktabi qurilishiga doir taqdimot bilan ham tanishdi va zarur koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?