Bundan keyin Samarqandda qurilish bilan bogʻliq jarayonlar oshkora amalga oshiriladi

10:00 18 Fevral 2019 Jamiyat
311 0

Samarqand viloyat hokimligida boʻlgan yigʻilishda shunday xulosa qatʼiy aytildi, deb xabar berdi zarnews.uz.

Viloyat hokimi E.Turdimov toʻplanganlarni Samarqand shahridagi qurilishlar boʻyicha respublika prokuraturasi ishchi guruhi taqdim etgan maʼlumotnoma bilan tanishtirdi.

Maʼlum boʻlishicha, viloyat markazidagi 141 ta obyektda yer ajratish, qurilish tartib-qoidasi va texnologiyalari buzilgan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga mutaxassislar bilan bir qatorda keng jamoatchilikni jalb etishga kelishib olindi. Shu sababli yigʻilishga hokimlik mutasaddilari, arxitektorlar, quruvchilar, shuningdek, deputatlar, OAV xodimlari, faol ziyolilar taklif etildi.

- Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yoʻl ochgan, - dedi E.Turdimov. - Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros obyektlariga zarar yetgan. Bu holat YUNESKO maʼmuriyatining eʼtiroziga sabab boʻlgan.

Bundan keyin viloyatda, xususan, yer ustidagi ochiq muzey deb tan olingan Samarqand shahridagi barcha qurilish oshkora amalga oshiriladi. Obyektlarning qurilishi, rejalashtirilishida jamoatchilik va aholi fikri hisobga olinadi. Qurilishdan shaxsiy manfaat koʻrish uchun quruvchiga ham, ijro organi rahbarlariga ham, “oʻrtakash” tovlamachilarga ham yoʻl berilmaydi. Deputatlar, jurnalistlar, umuman, ziyolilardan iborat targʻibot guruhi aholi oʻrtasida hamda OAV orqali yangi obyektlar qurilishi bilan bogʻliq rejalarni tushuntiradi.

Ayrim mahallalarda eski uylar koʻp, baʼzi mahallalarda kanalizatsiya yoʻq, hovlilar sel kelishi mumkin boʻlgan suv yoʻllarida joylashgan. Tabiiyki, kelgusida bunday manzillarda rejali qurilishlar olib boramiz. Lekin har qanday sharoitda obida va binolar muhofazasi eʼtiborda boʻladi.

Yigʻilishda oʻrganilgan obyektlarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?