Bundan 51 yil muqaddam Buxoro yaqinidagi qadimiy qabristondan nimalar topilgan edi?

09:56 15 Sentyabr 2020 Madaniyat
311 0

Lavandak qabristoni nafaqat Buxoro vohasi, balki dunyodagi eng qadimiy mozorlardan biri desak xato qilmaymiz. Bundan ellik bir yilcha muqaddam mazkur qadamjoda qazishma ishlari olib borgan arxeologlar hayratomuz topilmalarga duch kelishgandi.

Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi Sanʼat va etnografiya ilmiy boʻlimi mudiri Sh. Joʻrayevning taʼkidlashicha, qadimiy savdo karvonlari yoʻllarining chorrahasida joylashgan maskanda hunarmandchilikning 90 dan ziyod turi bilan 200 ga yaqin mahalla aholisi mashgʻul boʻlgan. Mahallalarga ham shundan kelib chiqqan holda nom berilgan. Shu hunar turlaridan biri zargarlikdir.

— Arxeologik tadqiqotlar shundan guvohlik beradiki, miloddan avvalgi III-II asrlarga taalluqli boʻlgan, bugungi kunda Buxoro Tasviriy sanʼat muzeyi “Oltin xazina” ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan tilla plaketka va tilla hamda serdolik materialidan bosma uslubda ishlangan sirgʻalar zargarlik hunarining dastlabki namunalaridan biri sanaladi, — deydi Sh. Joʻrayev. — Ular Lavandak qabristonida olib borilgan qazishmalar chogʻida topilgan.

Qadimgi dunyo eʼtiqodi boʻyicha, inson vafot etgandan keyin bu hayotda foydalangan buyumlari narigi dunyoda ham asqatadi. Shu tushunchadan kelib chiqib, odamlar vafot etishgach,qabrlarga oʻzlari foydalangan buyumlar bilan birga koʻmila boshlangan. Bular taqinchoqlar, bezak vositalari, ilohalarning haykalchalaridan iborat jihozlardir. Ular faqat ayollarning qabrlarida uchragan. Tilla plaketka bosh kiyim uchun moʻljallangan.Unda zardushtiylik dini ilohasining yuz qismi tasviri mavjud.

Lavandak qabristonidan shuningdek, yogʻoch qinli dudama qilich, yarim oy tamgʻali va tamgʻasiz dudama xanjar, uch parrakli temir paykonlar va oʻroqsimon pichoqlar topilgan. Qabrdan hayvon suyagi, koʻzacha, kosa, qadah, oltin rangli shisha munchoq va yarqiroq toshlar, zirak, ayol yuzi tasvirlangan oltin qoplama, jez oyna, uzuk, kiyim parchalari chiqqan.

Aytmoqchi, bosh kiyim uchun maʼbud tasvirli tamgʻa (plaketa), sirgʻa va boshqa taqinchoqlar 1969-yilda muzey fondiga qabul qilingan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?