“Bunday gʻalabaga Vatanni sevmasdan, unga sodiq boʻlmasdan erishib boʻlmaydi”

17:43 23 Oktyabr 2018 Jamiyat
949 0

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qoʻshin razvedkachilari oʻrtasida oʻtkazilgan “Kembriya patruli” xalqaro tanlovida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Qirq yildan buyon anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan mazkur musobaqada 34 davlatdan 123 ta jamoa qatnashdi. Ushbu tanlov dunyo harbiy xizmatchilari ichida oʻtkaziladigan eng murakkab va nufuzli musobaqalardan biri hisoblanib, uni maxsus boʻlinmalarga saralash jarayoni bilan ham taqqoslashadi. Bunda asosiy eʼtibor harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligiga qaratilgan.

Bu safar ishtirokchilar Kembriya togʻlarida toʻliq jangovar qurollangan holda hech qanday navigatsiya vositalarisiz kamida 25 kg. yuk bilan 70 km. masofani bosib oʻtishda 1500 metr balandlikka koʻtarilib, 1000 metr tik nishablikni 48 soat ichida bosib oʻtishlari lozim. Ana shunday murakkab sinovlarda yuksak matonat koʻrsatgan oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar Buyuk Britaniya, Hindiston, Fransiya kabi mamlakatlarning jamoalarini ortda qoldirib, gʻoliblikka erishdi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz, 2017 yilda mazkur musobaqada birinchi marta ishtirok etgan mamlakatimiz Mudofaa vazirligi jamoasi faxrli ikkinchi oʻrinni sazovor boʻlgan edi.

Mazkur nufuzli musobaqada gʻolib boʻlgan harbiy xizmatchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida gʻoliblarni sharaflashga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. 22 oktyabr kuni Mudofaa vazirligi markaziy apparatida “Kembriya patruli” tanlovining gʻoliblarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov mamlakatimizga oltin medallar bilan kelgan gʻolib jamoa aʼzolarini qutladi va oʻtgan yillarga nisbatan vazirlik qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bir necha marta ham sifat, ham soni boʻyicha koʻpaygani evaziga mana shunday yutuqlarga erishilayotganini taʼkidladi.

“Prezidentimizning joriy yilda Buxoro viloyatida joylashgan harbiy qismga tashrifi davomida oʻtgan yilda “Kembriya patruli” tanlovida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan qoʻshin razvedkachilarimiz bu yilda, albatta, gʻoliblik shohsupasini egallab, yorugʻ yuz bilan Vatanga qaytishga vaʼda berishgandi va buning uddasidan chiqishdi.

Bir haqiqatni tan olishimiz kerak – bunday gʻalabaga Vatanni sevmasdan, unga sodiq boʻlmasdan erishib boʻlmasdi!,” – dedi Abdusalom Azizov.

Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan gʻolib harbiy xizmatchilarning ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. Toʻqqiz nafar tanlov gʻolibi Oʻzbekiston mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun” koʻkrak nishoni hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?