Bunaqangi shirin qovunlarni umrimda koʻrmaganman

19:14 21 Iyul 2019 Jamiyat
1134 0

Buxoro shahridagi Favvoralar maydoni ayni kunda har qachongidan gavjum. Bu yerda Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi 28 yilligi munosabati bilan anʼanaviy Qovun sayli oʻtkazilmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda 300 dan ziyod fermeru dehqon poliz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bu yerda “Boʻrikalla”, “Barginay”, “Gulobi”, “Amiri” singari oʻttizdan ziyod navdagi qovunlar koʻrgazmaga qoʻyilgan.

-Omadimizni qarangki, Buxoroga qilgan sayohatimiz ayni Qovun sayli tadbiriga toʻgʻri kelib qoldi,- deydi oʻzini Avstriyadan, deya tanishtirgan Helen Noymeya. - Bu kun bir umr yodimda qoladi.Negaki, bu yerda hammasi tabiiy va samimiy. Koʻplab suratlar oldim.Yurtimga qaytgach, ularni yaqinlarim, doʻstlarimga koʻrsatmoqchiman. Qovunlarni tatib koʻrdim.Mazasi ogʻzimda qoldi.Ochigʻi, bunaqangi shirin qovunlarni umrimda koʻrmaganman.Toʻgʻri, Yevropa davlatlariga dunyoning turli goʻshalaridan qovun eksport qilinadi. Ammo mazasi bunaqa emas.

Xorijiy sayyohning eʼtirofida jon bor. Yurtimiz, jumladan, Buxoroda azal – azaldan qovun yetishtirib kelingan. Hatto “Avesto”da ham bu haqda maʼlumotlar uchraydi.Davr esa polizchilikni yangi bosqichga koʻtarishni taqozo etayapti.Chunki dunyoda tabiiy, ekologik toza oziq – ovqat mahsulotlariga talab oshmoqda. Oʻzbek qovunlarining dunyoda bozori chaqqon boʻlib borayotgani sababi ham shunda.

-Shu bilan birga vohamizda qovunchilikni rivojlantirish bilan bogʻliq yechimini kutayotgan masalalar ham bor, - deya mulohaza yuritadi tadbir ishtirokchisi, Buxoro tumanidagi “Madaniyat, Muhammad, Ismat” fermer xoʻjaligi rahbari Muhammad Ahmedov.- Avvalo, viloyatimizda qovun urugʻchiligiga ixtisoslashgan xoʻjalik barpo etish kerak. Qolaversa, Buxoro qovunchiligi agrotexnikasiga oid ilmiy risolalarga ehtiyoj sezilmoqda. Hozirga qadar uning agrotexnikasi chuqur oʻrganilgan emas. Qovunchiligimiz necha ming yillik tarixga ega ekan, u har tomonlama oʻrganilishi, tadqiq etilishi zarur, albatta. Bu qovunchilik anʼanasini tarqoq holda emas, ilmiy asosda davom ettirishda qoʻl keladi.

Qovun sayli ana shunday foydali fikr – mulohaza va takliflar bilan yanada mazmunli kechmoqda.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?