Bulungʻurda ijtimoiy himoya: 10 ta bepul uy, kambagʻal oilalarga 100 ta issiqxona qurilmoqda

16:04 24 Avgust 2020 Jamiyat
164 0

Bulungʻur tumani hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, tumandagi turli mahallalarda 10 ga yaqin ikki sotixli, 3 xonali uylar qurilmoqda. Homiylar mablagʻlari va hashar yoʻli bilan qurilayotgan ushbu uylar bugungi kunga qadar yashash uyi boʻlmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga hech qanday toʻlovlarsiz, begʻaraz beriladi.

Har bir uyni isitish tizimi, ichimlik suvi oʻrnatilgan, elektr energiyasi bilan taʼminlangan, toʻliq jihozlangan holatda oʻz egalariga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, tumanda kambagʻal oilalar uchun birdaniga 100 ta issiqxona qurilmoqda. Tumandagi Qoʻngʻirot mahallasi hududidan ilgari foydalanilmay kelingan 2,5 gektar yer maydonida 100 ta issiqxona qurilishi ishlari boshlandi. Yengil konstruksiyali ushbu issiqxonalar shu hududdagi Zarafshon, Gulobod mahallalaridagi kam taʼminlangan oilalarga qurib berilishi uchun 1 milliard 300 million soʻm mablagʻ sarflanishi belgilangan. Mablagʻning 50 foizi tuman bandlik boʻlimi tomonidan subsidiya asosida, qolgan 50 foizi tijorat banklari tomonidan kredit hisobidan qoplab beriladi. Banklar tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kredit muddati 5 yil boʻlib, imtiyozli davri ikki yil, yillik foiz stavkasi 15 foizni tashkil etadi. Bank hech qanday garov taʼminoti talab qilmaydi.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?