Bulungʻurda 1,5 mingta oilaning 7 mingga yaqin oila aʼzosiga moddiy yordam puli tarqatildi.

20:31 13 Avgust 2020 Jamiyat
381 0

Bugungi pandemiya sharoitida doimiy daromadidan ayrilgan, ishsiz, kam taʼminlagan va ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Respublika hukumati tomonidan qator choralar koʻrilmoqda.

Jumladan, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida har bir tumanda ehtiyojmand oilalar roʻyxati shakllantirilib, ularni qoʻllab-quvvatlash hamda murakkab ijtimoiy vaziyatidan chiqib ketishida koʻmaklashishning aniq mexanizmi ishlab chiqildi. Jumladan, har bir oilaga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, imtiyozli kredit ajratib, tadbirkorlikka yoʻnaltirish choralari koʻrildi, gʻalladan boʻshagan maydonlardan yer ajratib, haydalib va ekilib berildi, kooperatsiyalar tashkil etilib, subsidiya hisobidan joʻja, quyon, asalari tarqatildi, pomidor, kartoshka, loviya urugʻlari yetkazib berildi.

Bundan tashqari islom olamining muqaddas bayramlaridan biri boʻlmish muborak Qurbon hayiti munosabati bilan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻmdan, xususan, Bulungʻur tumanida 358 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oilalarga jami 358 million soʻm naqd pul shaklida hayitlik tarqatildi.

Ushbu oilalarni qoʻllab-quvvatlash ishlari shu bilan yakuniga yetgani yoʻq. Prezidentimiz tomonidan davlat byudjetidan pandemiya sharoitida kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ehtiyojmand oilalarning har bir aʼzosiga 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam puli ajratildi.

Ushbu ajratilgan yordam pullari “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida roʻyxati shakllantirilgan oilalarga tarqatilmoqda. Xususan, yaqinda 1 million soʻmdan yordam qilingan 25 ta oilaning 91 ta aʼzosi uchun ham 20 million soʻm, tuman miqyosida jami 55 ta mahalladan 1 503 ta oilaning 6 935 nafar oila aʼzosiga 1 milliard 525 million 700 ming soʻm moddiy yordam pul mablagʻlari tarqatildi.

Pul mablagʻlari har bir oilaning oila aʼzolari sonidan kelib chiqqan holda, mahalla markazlarida oʻz egalariga berildi. Nogironligi boʻlgan va mahalla markaziga kela olmaydigan oilalarning xonadoniga naqd pul shaklidagi mablagʻlari tuman “Xalq banki”ning sayyor kassalari tomonidan olib borib topshirildi. Shuningdek, shaffoflikni taʼminlash, turli tushunmovchiliklarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida pul mablagʻlari tarqatilishi sektor aʼzolari tomonidan kuzatib borildi.

— Oilada yetti kishi yashaymiz, bizga 1 million 540 ming soʻm yordam puli berildi, - deydi “Changal-1” mahallasida yashovchi fuqaro Nigora Nomozova. - Bugungi pandemiya sharoitida karantin cheklovlari tufayli moddiy jihatdan ancha qiynalib qolgan edik. Ushbu pul mablagʻlari bizga va biz kabi qiyin sharoitda qolgan yurtdoshlarimizga kutilmagan yordam boʻldi. Toʻgʻri, shu kungacha ham mahalla-koʻy soʻrab turgan edi. Biroq, Davlat tomonidan har bir oilaga pul tarqatilishini birinchi bor koʻryapman. Adolatli siyosat olib borayotgan va biz kabi oilalarga ham shaxsan gʻamxoʻrlik qilayotgan Prezidentimizdan minnatdorman.

Darhaqiqat, bugungi yoʻgʻon choʻzilib, ingichka uziladigan bir davrda hukumatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan bu kabi yordamlar dillarga umid uchqunini yoqishi, har bir Oʻzbekiston fuqarosining qalbida vatanga muhabbat, gʻurur hissini uygʻotishi tabiiy.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?