Buloqboshida asalari bilan davolovchi xususiy shifoxona tashkil qilish tashabbusi ilgari surildi

13:09 01 Iyun 2020 Iqtisodiyot
133 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovning Andijonga tashrifi chogʻida belgilangan vazifa va topshiriqlar ijrosi boʻyicha joylarda davom etayotgan ochiq muloqotlar yangi-yangi tashabbuslarning yuzaga chiqishiga xizmat qilayotir. Partiya viloyat Kengashi mutasaddilaridan iborat ishchi guruhning navbatdagi safari Buloqboshi tumanida tashkil etildi.

Buloqboshi tumani aholisining koʻpchiligi asal yetishtirish bilan shugʻullanadi. Ayniqsa, bu yoʻnalishda “Shahzodaxon Saidova” fermer xoʻjaligi ilgʻorlar safida. Tajribali fermer, xalq deputatlari Buloqboshi tuman kengashi deputati Zokirjon Saidov rahbarligidagi mazkur xoʻjalik 2009-yilda 60 quti asalari bilan tashkil qilingan. Yildan-yilga kengayib borgan faoliyat oʻzini oqladi. Ayni vaqtda xoʻjalikda 500 qutida asalari parvarish qilinmoqda. Mamlakatimizga soya solib turgan koronavirus infeksiyasi tufayli eʼlon qilingan karantin koʻplab oilalarga daromad kirish yoʻlini toʻsganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Albatta, shunday sinovli pallada chinakam saxovatli tadbirkorning jim turib, loqayd boʻlishi mumkin emas. Zokirjon Saidov ham hududidagi 10 ta oilani asalarichilik bilan shugʻullanishiga imkoniyat yaratdi, beminnat yordam qoʻlini uzatdi. Bugun bu oilalarda 20 tadan qutida asalari parvarishlanmoqda.

— Biror kasbu kor bilan shugʻullansangiz, astoydil mehr bersangiz, yangi tashabbuslar tugʻilaverarkan, - deydi fermer. — Tumanimiz asalarichilar yurti boʻlsa-da, yetishtirilgan toza va sifatli asal mahsulotlarini qabul qiluvchi umumiy markaz yoʻq. Shu yoʻnalishda uyushma tashkil qilish kerak. Shundagina bu borada asal tayyorlash, qadoqlash va import-eksport masalalari yechimida qiynalmaymiz.

Deputat, tadbirkor, fermer haq. Uning fikrini xalq deputatlari tuman kengashi deputati Oybek Mamajonov maʼqulladi. Bu boradagi taklifi esa oʻsha fikrni mantiqiy davomi boʻldi. Tumanda asalarichilik rivojlangan ekan, demak, asalari bilan davolovchi xususiy shifoxona qurish ham foydadan xoli boʻlmas. Axir asalning shifobaxshligi, ming dardga davo ekanligi isbot talab qilmaydigan haqiqat.

Taklif va tashabbuslar koʻp. Aslida ular yonayotgan qalbdan chiqadi. Shijoati baland inson atrofidagi hech bir voqelikka befarq boʻlmaydi. Tashabbus bilan chiqayotgan deputatlar, faollar ana shunday yuragida olovi bor insonlardir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?