Buxoroning sho’rlangan yerlaridan yuqori hosil olishning yo’li topildi

15:51 25 Aprel 2018 Iqtisodiyot
863 0
Foto: parnikiteplicy.ru

Buxoro viloyatining sho’rlangan tuproq sharoitida yuqori hosil olish ancha mushkul. Ammo gidroponika usulidagi issiqxonalarni ko’paytirish orqali hosildorlikni oshirish, ekologik toza mahsulotlar etishtirish mumkin. Buxoro shahrida bo’lib o’tgan O’zbekiston — Turkiya  I issiqxona biznes-forumida shular xususida tajriba almashildi.

Ikki davlatning qishloq xo’jaligi mutaxassislari, issiqxona xo’jaligi bilan shug’ullanayotgan fermer va tadbirkorlar ishtirok etgan ushbu tadbirda o’zaro hamkorlikda gidroponika usulidagi issiqxonalarni barpo etish, bu borada zamonaviy loyihalarni, ilg’or texnologiyalarni tatbiq etish masalalari muhokama etildi. 

Hozirgi kunda viloyatda 413 ta issiqxona xo’jaligi mavjud. Ularda etishtirilgan hosilning 70 foizi eksport qilinmoqda. 2019 yilda 7 ming gektar, keyingi yillarda 40 ming gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar barpo etish ko’zda tutilgan. Bu maqsadni ro’yobga chiqarishda Janubiy Koreya, Xitoy davlatlari qatori Turkiya tajribasi ham qo’l keladi. 

—  Issiqxona xo’jaligi bilan oilaviy shug’ullanamiz, — deydi turkiyalik ishbilarmon Jihangir Eldirim. — Bir gektar erdan 600 tonnagacha hosil olayapmiz. Forumda shular xususida tajriba almashdik. O’zbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni yo’lga qo’ysak, ishimiz yanada olg’a siljishi turgan gap.

Forum doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari o’rtasida hamkorlikda istiqbolli loyihalarni qo’llash borasida kelishuvlarga erishildi.  

Istam IBROHIMOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?