Buxorolik havaskor ovchi "oilasi a'zosi"ni Toshkent hayvonot bogʻiga topshirdi

14:56 25 Iyun 2020 Jamiyat
536 0

Qorakoʻl tumanida istiqomat qiluvchi Nusrat Ergashev asosiy ishidan ortib, ovchilik bilan ham shugʻullanadi. Bir gal u kimsasiz choʻlda jayron bolasiga roʻbaroʻ kelib qoldi. Tasodifiy bu uchrashuvdan tabiatan hurkak sanalgan jayroncha pinagini ham buzmadi.

U oʻsha pallada havaskor ovchi qiyofasida oʻz najotkorini koʻrgan boʻlsa ajab emas.

— Gap shundaki, atrofda hech bir zogʻ yoʻq, jayron bolasi esa jarohatlangani tufayli yura olmas edi, — deydi Nusrat aka. — Shu boisdan men uni avaylab uyimga olib keldim. Veterinarlar koʻmagida jarohatini davoladik. Sut berib parvarishladik. Unga uyimizdagilar ham oʻrganib qolishdi. Sizga yolgʻon, menga chin, jayronchani oilamiz aʼzosi oʻrnida koʻradigan boʻldik.

Oradan salkam bir oycha vaqt oʻtdi. Bu tilsiz jonzotning keyingi taqdirini oʻylagan Nusrat Ergashev tegishli tashkilotlarga qoʻngʻiroq qilib, uyida jayron bolasini parvarishlayotganini bildirdi. Oʻz navbatida viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bioxilmaxillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari boʻlimi boshligʻi Bahodir Nazarov va sohaning boshqa mutaxassislari havaskor ovchining uyiga kelishdi.

Nusrat akaning xohish-istagiga koʻra, jayron bolasi Toshkent hayvonot bogʻiga topshirildi.

— Jayron “Qizil kitob”ga kirgan hayvon sanaladi, — deydi lavhamiz qahramoni. — Uni asrab-avaylash, koʻpaytirish davlatimiz eʼtiborida. Shunday ekan, fursatdan foydalanib, jayronlarni ovlash taʼqiqlanganini barcha ovchilarga eslatib qoʻymoqchiman.

Istam IBROHIMOV, 
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?