Buxoroga nobel mukofoti sovrindori keldi

16:25 07 Noyabr 2019 Jamiyat
86 0

Kun sayin koʻrkamlashib, tobora chiroy ochib borayotgan koʻhna va hamisha navqiron Buxoro shahri turli mamlakatlardan kelgan mehmonlarni kutib olib, kuzatib qoʻyishdan charchamaydi.

Kuni kecha bu sharif shaharga yana bir aziz mehmon — Nobel mukofoti sovrindori, isroillik 78 yasharli fizik va kimyogar olim Dan Shextman oʻz oilasi bilan tashrif buyurdi.

Dan Shextman 2011-yili ximiya boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan. U kvazikristallar strukturasi yoʻnalishida ulkan kashfiyotni amalga oshirgan.

Nufuzli mehmon, avvalo, Buxoroning eski shahar qismida joylashgan yagona yahudiylar sinagogasi (ibodatxonasi)da boʻldi, soʻng shaharning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.

Xorijlik mashhur olimning Buxoro boʻylab sayohatida unga viloyat hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Firuza Ibragimova hamda Innovatsion rivojlanish vazirligining ilmiy kotibi Noibaxon Mamadaliyeva hamrohlik qildi.

Tashrif yakunida Dan Shextman koʻhna va hamisha navqiron sharif shahar oʻzida katta taassurot qoldirganini hamda Buxoroga tashrifi unga va oilasiga manzur boʻlganini aytdi.

Maʼlumot oʻrnida: Dan Shextman 1941-yil 24-yanvarda Tel-Avivda tugʻilgan.

U 1996-yildan Isroil Fanlar akademiyasi aʼzosi hisoblanadi. 2000-yili AQSH texnika fanlar akademiyasi aʼzoligiga qabul qilingan boʻlsa, 2004-yildan eʼtiboran Yevropa fanlar akademiyasi aʼzosi ham sanaladi.

Hozirgi kunda bu mashhur olim Ayova shtati (AQSH)ning Eyms laboratoriyasida ilmiy faoliyat olib bormoqda.

Oʻzbekiston Xotin-qizlar
qoʻmitasi Matbuot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?