Buxorodagi yana qaysi yodgorliklar YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilishi mumkin?

17:29 18 Iyun 2020 Madaniyat
537 0

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, YUNESKO ishlari boʻyicha milliy komissiya, Madaniy meros departamenti, viloyat madaniy meros boshqarmasi va Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (MITSAI) oʻzaro hamkorlikda Buxorodagi bir qator tarixiy obidalarni YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritish maqsadida nomzodlik hujjatlarini tayyorladilar. Bu meʼmoriy yodgorliklar qatorida Chor Bakr va Bahouddin Naqshband majmualari, Vobkent minorasi, Chashmai Ayub va Somoniylar maqbaralari, qadimgi Poykent, Varaxsha, Vardonze va Qoʻrgʻoni Romitan arxeologik obyektlari bor.

— Zarur hujjatlar mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida, ilgʻor va yuqori texnologik uskunalardan foydalangan holda tayyorlandi,— deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sherzod Mahmudov. — Davlatimiz rahbarining shu yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida yurtimizda 8200 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjudligi, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilganligi aytib oʻtilgandi. YUNESKOning Umumjahon moddiy madaniy va nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni tezlashtirish yuzasidan topshiriqlar berilgandi. Bu xayrli yumush shu topshiriq doirasida amalga oshirildi.

Mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, 2500-yillik boy tarixi davomida Buxoroda juda koʻp sulolalar hukmronlik qilgan, behisob tarixiy shaxslar yashab oʻtgan. Hukmdorlar, mansabdor boylar va tarixiy shaxslar tomonidan madrasayu masjidlar, maqbaralar, savdo markazlari, karvonsaroylar, hammomlar va boshqa madaniy meros obyektlari barpo etilgan. Shunday obyektlarning katta qismi tarixda roʻy bergan turli tabiiy ofatlar, bosqinlar sababli vayron etilgan yoki yillar davomida qumlar ostida qolib ketgan. Ammo arxeologik yodgorlik sifatida saqlanib qolingan. Shu oʻrinda bir misol. Taqdir oʻtgan yilda shaharning Mehtar Anbar koʻchasidan tashlandiq bir hovlini sotib olgan va bu yerda uy mehmonxonasi barpo etmoqchi boʻlgan tadbirkor Muhammadsaid Boltayevni ana shunday sinoatga roʻbaroʻ qildi.

Qazishma ishlari chogʻida qadimiy inshoot qoldiqlari topildi. Shunda Muhammadsaid aka zudlik bilan mutaxassislarga murojaat qildi.

— Ular bergan maslahatga koʻra, tarixiy yodgorlikni qoʻl kuchi bilan avaylab ochishga kirishdik, — deydi tadbirkor. — Nechogʻli qiyin kechmasin, yumushlarga texnikani jalb etmadik.

Olti sotixdan ziyod maydonni egallagan hududda katta hajmdagi tuproq ishlari bajarilgach, yer ustidan chamasi besh-olti metr chuqurlikda qadimiy inshoot butun boʻy-basti bilan koʻzga tashlandi. Tabiiyki, arxeolog hamda tarixchi olimlar bu yodgorlikni sinchiklab koʻzdan kechirishdi. Aniqlanishicha, bu Kavshi olak hammomidir. Uning XV-XVI asrlarda qurilgani taxmin qilinyapti.

— Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tayyorlangan “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Milliy roʻyxati”ga Buxoro viloyatining 829 ta moddiy madaniy meros obyekti(arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari, diqqatga sazovor joylar) kiritilgan, — deya davom etadi Sh. Mahmudov. — Amalda esa viloyatda bundan ham koʻproq tarixiy ahamiyatga ega obyektlar mavjud. Ular hozirga qadar oʻrganilmasdan qolmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, ayni damda Buxoroning eski shahar qismidagi bir qator yodgorliklar YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Osori atiqalarni dunyo miqyosida targʻib qilish,ularni turizm marshrutlariga kiritish hamda yangi tarixiy-madaniy qiymatga ega boʻlgan maskanlarni topish, oʻrganish maqsadida Buxoro viloyatidagi moddiy madaniy meros obyektlarining tarixi, ular toʻgʻrisidagi afsona va rivoyatlar hamda fotosuratlarini oʻzida mujassamlashtirgan tarixiy, ilmiy-ommabop kitob-albom tayyorlash ham rejalashtirilgan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?