Buxorodagi Poi Kalon ansambli “SHHTning 8 moʻjizasi” roʻyxatidan joy oldi

12:21 12 Avgust 2019 Jamiyat
100 0

21-iyun kuni Pekin shahrida SHHT Kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali qabul doirasida “SHHTning 8 moʻjizasi” mavzusidagi taqdimot boʻlib oʻtdi. SHHT kotibiyati tomonidan tashkil etilan tadbirda 600 dan ziyod siyosiy, ijtimoiy, biznes doiralar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etishdi. SHHT bosh kotibi Vladimir Norov oʻz nutqida 18 yil avval Tashkilotga asos solishga doir qabul qilingan qaror unga aʼzo davlatlarning tinchlik va barqarorlikka yoʻnaltirilgan muhim strategik tanlovi boʻlganini taʼkidladi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

Nufuzli mehmonlar bosh kotib hamrohligida “SHHTning 8 moʻjizasi” koʻrgazmasini koʻzdan kechirishdi. Koʻrgazmadan SHHT mamlakatlari tabiati, urf-odatlari, anʼanaviy liboslari, hunarmandchilik mahsulotlari va milliy taomlariga bagʻishlangan fotomateriallar, videoroliklar va qoʻllanmalar oʻrin olgan. Taʼkidlash joizki, Shanxay hamkorlik tashkiloti mamlakatlari bu koʻp millatli va sivilizatsiyalararo muloqotning ajoyib uygʻunligidir. Ularning har biri bir-biridan ajoyib madaniy va meʼmoriy yodgorliklar hamda betakror tabiatga ega. Shunisi diqqatga sazovorki, “SHHTning 8 moʻjizasi” roʻyxatidan Buxoro koʻrki boʻlgan, Poi Kalon meʼmoriy ansambli ham oʻrin olgan boʻlib, Tashkilotga asos solingan kuni ushbu tarixiy maskanning ham taqdimoti ham oʻtkazildi.

Poi Kalon meʼmoriy ansambli Minorai Kalon atrofidagi hududni oʻz ichiga oladi. Kompleks XII-XIV asrlarda 3 binodan iborat: Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi.

-Minorai Kalon 1127-yilda Arslon xon tomonidan bunyod etilgan boʻlib, deyarli 900-yil davomida taʼmirlanmagan. Uning balandligi 46,5 metrni tashkil qiladi.

- Masjidi Kalon – Samarqanddagi “Bibixonim”dan keyin Markaziy Osiyoda kattaligi boʻyicha ikkinchi oʻrinda turuvchi masjid. Ubaydullaxon hukmronligi davrida, qoraxoniylar masjidi oʻrnida qurilgan. Qurilish ishlari 1514-yilda tugallangan.

- Mir Arab madrasasi Ubaydullaxon hukmronligi davrida, 1535-1536-yillarda qad koʻtargan. Masjid ancha katta boʻlib, 111 ta hujra va 2 zalni oʻz ichiga olgan. SHHTning madaniyatlar xilma-xilligiga hurmat, hamkorlikda rivojlanishga intilish kabi tamoyillari Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?