Buxorodagi davlat xizmatlari markazida robot ishlamoqda

11:20 20 Noyabr 2018 Jamiyat
587 0

Foto: Davlat xizmatlari agentligi

Buxoroda Davlat xizmatlari yangi markazi ish boshladi. Ikki qavatli binoda Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi, Xalq qabulxonasi va Buxoro shahar davlat xizmatlari markazi joylashgan.

Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati xabariga koʻra, markazdagi yangiliklar sifatida bepul Wi-Fi, elektron kutubxonani tilga olish mumkin. Mazkur qulayliklar tashrif buyuruvchilar vaqtini mazmunli oʻtkazishini taʼminlaydi. Ayni chogʻda markazda davlat xizmatlaridan foydalanish yoʻllari haqida soʻzlab beruvchi robot ham “ishlamoqda”.

Qolaversa, bu yerda avtomobil raqamlarini berish xizmati ham sinov tariqasida yoʻlga qoʻyilgan. Ayni chogʻda eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, biometrik pasport olish, FHDYO va notarial xizmatlaridan foydalanish mumkin.

Markazda fuqarolarni qabul qilish boʻyicha 88 ta darcha mavjud va 100 dan ortiq davlat xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Markazda koʻrsatkichlar, onlayn xizmatlardan foydalanish imkonini beradigan infokiosk, konsultantlik xizmatini koʻrsatuvchi resepshn, lift, eskalator, imkoniyati cheklangan insonlar uchun pandus oʻrnatilgan. Ona va bola xonasi, tibbiyot punkti, davlat bojlari toʻlash uchun kassa, xizmat koʻrsatish jarayonlari va navbat haqida maʼlumot beruvchi monitor hamda bankomat oʻrnatilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?