Buxorodagi 544 ta mahallaning 325 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi

18:58 28 Avgust 2019 Jamiyat
126 0

Dastavval, tizim faoliyatiga oid xushxabar.Buxoroda viloyat Mahallalar kengashining yangi binosi qurilib foydalanishga topshirildi.U viloyat hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondining 2,5 milliard soʻmga yaqin mablagʻi evaziga barpo etildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev, Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi raisi Sh.Javlonov soʻz olib, Prezidentimizning 2017-yil 3-fevraldagi “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi yoʻlida qilingan ishlar xususida toʻxtaldilar.Chunonchi, Buxoro, Vobkent, Kogon, Romitan va Shofirkon tumanlarida “Mahalla markazi” majmualari qurildi. 22 ta fuqarolar yigʻini binosi qurib bitkazildi.Ellikka yaqini esa mukammal taʼmirlandi.Ayni damda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari asosida 25 ta mahallaning binosi yangidan qurilyapti, 14 tasi taʼmirlanmoqda.Tizim moddiy – texnik bazasi mustahkamlanmoqda.Mahallalar kengashining yangi binosiga kelsak, unda xodimlarning ish samaradorligini oshirish uchun barcha shart – sharoitlar muhayyo etilgan.

Darvoqe, ommaviy axborot vositalari xodimlari bu muhtasham binoning dastlabki mehmonlari boʻlishdi, desak xato qilmaymiz.Gap shundaki, markaz majlislar zalida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika hamda Buxoro viloyati kengashlari tomonidan “Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining koʻzgusi” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.Tadbirda tizimda amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida soʻz bordi.Taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan yetti oyida viloyatdagi 544 ta mahallaning 325 tasida umuman jinoyat sodir etilmagan.Bu oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda jinoyatchilikka yoʻl qoʻymagan mahallalar soni 150 taga oshganini koʻrsatadi.

Anjumanda Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi raisi Sh.Javlonov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.Oʻz navbatida hamkasblarimiz ham joʻyali takliflarni oʻrtaga tashlashdi.Masalan,mahallalarda “Eng gazetxon oila” tanlovi tashkil etilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi.Bunga oʻxshash tadbirlar yoshlarimizni “ommaviy madaniyat” taʼsiridan asrash, ularni ishonchli, xolis axborotlar bilan taʼminlash imkonini beradi.Qolaversa, oila davrasida mamlakatimiz va jahonda roʻy berayotgan voqealar, yangiliklar toʻgʻrisida suhbatlashish, fikr – mulohaza yuritish farzandlarimiz dunyoqarashining kengayishiga xizmat qiladi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?