Buxoroda yuz bergan tabiiy ofat talofotlari qanday bartaraf etilmoqda? “Xalq soʻzi” muxbirlari Olot tumanida boʻlib jarayon bilan tanishdi (Fotoreportaj)

01:56 02 May 2020 Jamiyat
1574 0

Maʼlumki, 27-aprel kuni kechqurun Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat Olot, Qorakoʻl tumanlaridagi ijtimoiy obyektlar, uy-joylar, aloqa-kommunikatsiya tizimlari, bogʻ-rogʻlar, ekin maydonlariga katta ziyon yetkazdi. Shu tariqa xalqimiz yana bir ogʻir sinov bilan yuzma-yuz keldi. Ana shunday sinovli damlarda el jipslashdi. Odamlar bir yoqadan bosh chiqarib, talafot oqibatlarini bartaraf etishga kirishdi.

Xususan, Olot tumanida boʻlganimizda metin irodali, sabr-toqatli, qatʼiyatli, bagʻrikeng yuzlab, minglab odamlarni koʻrib, ulugʻ xalq qudrati har qanday ofat oqibatlarini yenga olishiga yana bir karra ishonch hosil qildik.

“Tabiiy ofat roʻy berganida, ochigʻi, oʻzim ham karaxt ahvolga tushdim”— Olot tumani hokimi Nargiza Neʼmatova

— Tabiiy ofat roʻy berganida, ochigʻi, oʻzim ham karaxt ahvolga tushdim, — deydi Olot tumani hokimi Nargiza Neʼmatova. — Har bir mahallaga kirib borarkanmiz, “Odamlarga nima deyman, ularni qanday qilib yupataman?” degan savol tinchlik bermaydi, deng. Buni qarangki, fuqarolarimizning oʻzlari “Opa, aslo xavotir olmang. Bu qiyinchiliklarni yengib oʻtamiz, albatta. Prezidentimiz, davlatimiz bizni yolgʻizlatib qoʻymaydi”, deya tasalli berishdi...

Davlatimiz rahbari vertolyotda tumanimizga kelayotganini eshitgach, koʻnglimiz taskin topdi. Oʻzimizni ruhan tetik his etdik. Axir ofat oqibatida tashqi dunyodan butkul uzilib qolgandik-da. Prezidentimizning faollar, odamlar bilan uchrashib, “Aslo sarosimaga tushmanglar. Men uchun har bir mahalla, har bir oila aziz. Nasib etsa, yangi Olot barpo etamiz”, mazmunidagi soʻzlari bizga katta kuch berdi. Eʼtiborlisi, tumanimiz uchun talafot oqibatlarini bartaraf etish, qurilish, tiklash, obodonchilik ishlari uchun juda katta mablagʻ ajratildi. Nasib qilsa, tez orada Olot tumanining qiyofasi butkul oʻzgaradi, mahobatli, shinam va zamonaviy binolar quriladi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, tumandagi 13 847 ta xonadon, 35 ta umumtaʼlim maktabi, 13 ta maktabgacha taʼlim, 19 ta sogʻliqni saqlash muassasasi, mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlari tabiiy ofatdan ziyon koʻrgan.

Tuman markazida yashovchi Dilobar Choʻlliyeva oʻgʻil uylantirishdek shirin tashvishlar bilan yurgandi. Hatto toʻy kuni ham aniq edi. Ammo koronavirus balosi tufayli tadbir ortga surildi. Bu ham yetmagandek tabiiy ofat...

— Oʻsha tunda mijja qoqmay tong ottirdik, — deydi u. — Oilamizda oʻn kishi yashaydi. Ming karra shukr, sogʻ-omonmiz. Kuchli shamol oqibatida uyimiz shiferlari qoʻporilib ketdi. Deraza-eshiklar yaroqsiz holga keldi. Ochigʻi, toʻyga atab yiqqanimni endi uyni taʼmirlashga sarflaymanmi, degan oʻy girdobida qolgandim. Shunday qiyin pallada jonimizga davlat rahbari, viloyat, tuman mutasaddilari oro kirishdi. Shifer va boshqa zarur qurilish materiallari keltirilib, oʻsha kuniyoq uyimiz taʼmirlandi. Havas qilsa arziydigan boʻldi. Hovlimiz ham tartibga keltirildi.

Biz, oʻz navbatida, taʼmirlash ishlarini tezkorlik bilan olib borayotgan quruvchilarga yuzlandik.

— “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Qoʻqon mintaqaviy temir yoʻl uzeli korxonalarida faoliyat koʻrsatayotgan ishchilardan iborat brigada tuzib, hasharga keldik, — deydi Qoʻqon vagon deposi bosh muhandisi Mirahmad Yoʻldoshev. — Koʻrib turganingizdek, jamoamiz aʼzolari oʻz ishining ustasi. Kechga borib, shu koʻchadagi barcha turarjoylarni taʼmirlashni nihoyasiga yetkazamiz...

Koʻngillarga koʻchayotgan bagʻrikenglik

Tuman markazidagi Alisher Navoiy koʻchasida istiqomat qiluvchi Elbek Oʻrinovning qaramogʻidagi onasining ham nogironligi bor. Bolasi ikki yoshda. Mahalla faollari uning ehtiyojmandligini hisobga olib, oziq-ovqat mahsulotlarini uyiga eltishdi. Shunda Elbek: “Mehru muruvvat uchun rahmat. Ammo men bu tuhfalaringni qabul qilolmayman. Ahvoli mendan ham ogʻir fuqarolar turganda bu yeguliklar tomogʻimdan oʻtmaydi”, deya koʻmakni rad etdi.

Yigitning bu tantiligini koʻrgan mahalla mutasaddilari uni jamoat ishlariga jalb etish fikriga kelishdi. Elbek uchun ham bu ayni muddao boʻldi. “Ishlayapman, talafot oqibatlarini bartaraf etishga koʻmaklashyapman, elga nafim tegyapti, hayotimdan mamnunman”, deydi u.

Elbek yashayotgan Xalqobod mahallasida ana shunday mard, bagʻrikeng kishilar oz emas. Mehnat faxriysi, pedagog Oltinoy Ochilova — ana shularning biri. Oltinoy opaning tashabbusi bilan quruvchiyu hasharchilarga mahallada tushlik tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Bugun ushbu mahalla ham katta qurilish maydoniga aylangan. Chunki tabiiy ofatdan hududdagi 19 ta koʻp qavatli uyning barchasi, 1-sonli maktabgacha tarbiya muassasasi, koʻplab hovlilar ziyon koʻrdi.

— 80 yoshga kirib bunaqangi ofat roʻy berganini eslay olmayman, — deydi oʻzini Xadicha Yoʻldosheva deya tanishtirgan onaxon. — Kuchli shamol oqibatida tomimiz shiferi uchib ketdi. Uydan chakki oʻtdi. Koʻrpa-toʻshak hoʻl. Ammo nolimayman. Chunki rahbarlarimiz bizdan koʻngil soʻrashdi. Yurtboshimizning soʻzlarini yetkazishdi. Yuragimga qil ham sigʻmay turgandi. Yaxshi gaplarni eshitib, koʻnglim yorishdi. Men hozir mahallaga yordam soʻrab emas, quyidagi gaplarni aytgani keldim: ana shu ezgu ishlarning boshida turganlarning aziz boshi hamisha omon boʻlsin!

Elektr taʼminotida muammo boʻlmaydi

Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Baxtiyor Roʻziyevni ishchilar orasida uchratdik.

— Bugun aholini tashvishlantirayotgan eng dolzarb masala elektr energiyasi taʼminotidir, — deydi u. — Chunki kuchli shamol oqibatida taʼminotda uzilish roʻy berdi. Brigadamiz zimmasiga bugun 10 ta transformator punktiga ulangan ijtimoiy obyektlar va aholi xonadonlarida elektr taʼminotini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklangan. Bu vazifani uddaladik. Natijada 1,5 mingtadan ziyod xonadonlarda taʼminot tiklandi. Bu yumushga boshqa shahar va tumanlardan ham maxsus brigadalar jalb etilgan. Yuqori tashkilotlar tomonidan zarur materiallar oʻz vaqtida yetkazib berilyapti. Tez orada elektr taʼminoti boʻyicha hech qanday muammo boʻlmaydi.

Biz aloqa tizimi, qurilish-taʼmirlash, obodonchilik tashkilotlari xodimlaridan ham xuddi shu mazmundagi soʻzlarni eshitdik. Bu davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan tashkil etilgan maxsus shtabning har bir masalani oqilona hal etayotgani samarasi, albatta.

Darvoqe, Olotdan Buxoro shahriga qaytarkanmiz, shifer, shagʻal, yogʻoch, gʻisht va boshqa mahsulotlar ortilgan oʻnlab yuk mashinalariga duch keldik. Bu mashinalar karvoni peshtoqiga “Biz — buxorolikmiz”, degan yozuv tushirilgan edi.

Darhaqiqat, el boshiga ish tushgan shu kunlarda har bir yurtdoshimiz oʻzini Oʻzbekiston, uning bir boʻlagi sanalgan Buxoro farzandi, deb his etyapti. Xalqimiz yuragida insonparvarlik, elparvarlik tuygʻulari joʻsh urmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”).

Hasan PAYDOYEV olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?