Buxoroda yosh yigit 65 yoshli otaxon bilan janjalda uni oʻldirib qoʻydi

08:21 05 Iyul 2020 Jamiyat
2289 0

Buxoroda mast holda boʻlgan yosh yigit va 65 yoshli otaxonning janjali qotillik bilan yakunlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, Shofirkon tuman kasalxonasi 2-iyul kuni soat 03:25 da tuman IIBga 24 yoshli M.F. va 65 yoshli Ya.N. tan jarohatlari olib murojaat qilganliklari toʻgʻrisida xabar bergan. Mazkur xabar asosida hodisa sodir boʻlgan joyga tergov-tezkor guruhi yuborilgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda shu kuni soat 00:30 da Ya.N. oʻz uyida M.F. bilan spirtli ichimlik isteʼmol qilgani, oʻrtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik va janjal oqibatida Ya.N. uyida boʻlgan temir armatura boʻlagi bilan M.F.ning boshiga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazgani aniqlangan.

Shundan soʻng M.F. keksa Ya.N.ning qoʻlidan temir armatura boʻlagini tortib olib, uni ham tanasining bosh, koʻkrak, qorin sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, tan jarohati yetkazgan.

65 yoshli Ya.N. tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan jonlantirish boʻlimida vafot etgan.

Holat yuzasidan Shofirkon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan M.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?