Buxoroda Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi

02:41 14 Yanvar 2019 Jamiyat
439 0

Foto: Azamat Kattayev.

Buxoroda Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 27 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Vatan — muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Buxoro harbiy-maʼmuriy sektor rahbari, viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondonining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Tantanada harbiy qism zobit hamda askarlari, ularning onalari soʻzga chiqib, bugungi kunda harbiy sohaga qaratilayotgan eʼtibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, keng koʻlamdagi imtiyozlar haqida atroflicha toʻxtalib oʻtishdi.

Foto: Azamat Kattayev.

— Bugun harbiy qismlarimizda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari yangicha koʻrinish kasb etmoqda. Harbiy qismlar, oʻquv poligonlari infratuzilmalari tubdan oʻzgardi. Islohotlar pirovardida oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida toʻqqiz pogʻona yuqoriladi, — deydi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism mayori Anzur Meliyev. — Biz guruhimiz bilan 2018 yili Buyuk Britaniyada oʻtkazilgan xalqaro musobaqada 70 kilometr masofaga 50 kilogramm harbiy yuk bilan harakatlanish qiyin boʻlgan togʻli, quyuq tumanli sharoitda harbiylarimizning jangovar va ruhiy tayyorgarligi nechogʻli yuqori ekanligini butun dunyo harbiylariga namoyish etib, faxrli oltin medalni qoʻlga kiritdik. Bundan keyin ham Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilib, yurtimiz sarhadlarini mustahkam saqlash, tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash yoʻlida kuch-gʻayratimizni ayamaymiz.

Bayram marosimi teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari hamda konsert dasturlari bilan yanada qizgʻin kechdi. Vatanni madh etuvchi va dillarga bayramona kayfiyat ulashuvchi kuy-qoʻshiqlar esa tadbirning koʻtarinki ruhda oʻtishini taʼminladi.

Foto: Azamat Kattayev.
Foto: Azamat Kattayev.
Foto: Azamat Kattayev.
Foto: Azamat Kattayev.

 

Laylo Hayitova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?