Buxoroda umumiy qiymati 125 mlrd 304 mln soʻm boʻlgan loyihalar taqdim etildi

12:29 03 May 2019 Jamiyat
178 0

Buxoroda umumiy qiymati 125 milliard 304 million soʻm boʻlgan, shundan 7 million 406 ming AQSH dollaridan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar ishtirokidagi loyihalar taqdim etildi. Bu haqda viloyat hokimi matbuot xizmati rahbari Olim Joʻrayev xabar berdi.

Bildirilishicha, oʻtkazilgan mazkur taqdimotda viloyatning shahar va tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 18 ta istiqbolli loyihalar koʻrib chiqilgan. Loyihalarda asosan, xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish, qishloq xoʻjaligida yangicha innovatsiya va texnologiyalarni jalb etish orqali yerlardan unumli foydalanish, chorvachilik va parrandachilik klasterlarini yaratish koʻzda tutilgan.

- Buxoroda sanoatni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni yanada koʻpaytirish va uni qayta ishlashni kengaytirish, mahsulotlarning eksportini oshirish birinchi galdagi vazifa. Ayniqsa, bu ushbu mahsulotlar bilan aholini uzluksiz taʼminlash, pirovard natijada xalqning turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Taqdim etilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirilishi natijasida 451 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Bu shuncha oila muhim daromadga ega boʻladi, deganidir. Hududlarning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, taqdim etilgan har bir yirik istiqbolli loyihalar orqali tashabbuskor tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi,-dedi viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev loyihalar bilan tanishar ekan.

Taqdimotda taklif etilgan loyihalardan biri - Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan “Sultan Texno Groups” MCHJga qarashli shisha mahsulotini qayta ishlash korxonasidir. Umumiy qiymati 9 milliard 240 million soʻm boʻlgan mazkur loyihaning asosiy qismi tashabbuskorning oʻz mablagʻlari, shuningdek, “Hamkorbank” tomonidan ajratilishi koʻzda tutilgan 504 millionlik imtiyozli kredit mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi. Loyiha toʻla quvvat bilan ishlaydigan boʻlsa, 40 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?