Buxoroda Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti fakulteti ochildi

13:54 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
83 0

Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan aloqalar ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik, hamkorlik rishtalarini mustahkamlayapti.Xususan, ikki davlat oliy oʻquv yurtlarining qoʻshma dasturlarni amalga oshirishayotgani eʼtiborga molikdir.Abu Ali ibn Sino vatani sanalgan Buxoroda Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti Tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabi faoliyat boshlagani fikrimiz dalilidir.

Yoshlar markazida shu fakultet va maktabning tantanali ochilish hamda talabalarning qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Aytish joizki, bugungi kunda Istanbul shahridagi mazkur universitet bilan Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan aloqalar yangi bosqichga koʻtarildi.Oʻzaro kelishuvga koʻra, oʻtgan yilda 40 nafar buxorolik mutaxassis ushbu universitetda imtiyozli tarzda malaka oshirdi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Sogʻliq bilimlari universiteti tibbiyot sohasida malakali kadrlar tayyorlash borasida dunyoning yetakchi oʻquv muassasalaridan sanaladi.Uning mamlakat turli hududlarida 16 ta filiali faoliyat yuritmoqda.Oʻziga ishongan, yosh, tirishqoq shifokorlar tayyorlashda boy tajribaga ega.

Ikkala davlat sogʻliqni saqlash vazirliklari oʻrtasida tuzilgan anglashuv memorandumiga asosan, Istanbuldagi Sogʻliq bilimlari universitetining fakultetini Buxoroda ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishilgandi.

Keyinchalik mazkur oliy taʼlim muassasasi rektori Javdat Erdol Oʻzbekistonga tashrif buyurdi va qator kelishuvlar bilan birgalikda Buxoro davlat tibbiyot instituti bazasida Sogʻliq bilimlari universitetining Ibn Sino nomidagi tibbiyot fakulteti hamda hamshiralarni tayyorlash boʻyicha Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabini ochish yuzasidan bitimga erishildi.Bu bitimlar har ikki davlat rahbarlari darajasida qoʻllab – quvvatlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni Saqlash vazirligi, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Sogʻliq bilimlari universiteti oʻrtasidagi kelishuvga asosan 2019-yilning avgust oyida Tibbiyot fakulteti va Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabiga talabalar qabuli uchun imtihon tashkil etildi hamda belgilangan kvotaga asosan 80 nafar talaba Tibbiyot fakultetiga, 54 nafar talaba Anesteziologiya, Birinchi shoshilinch yordam, fizioterapiya yoʻnalishlarida oʻqishga tavsiya qilindi.

-Bugun hayotimda unutilmas kun,- deydi Birinchi shoshilinch yordam yoʻnalishida talabalikka qabul qilingan Dilrabo Ismatova.-Juda xursandman.Orzuimga erishdim.Shifokorlik qasamyodini qabul qilyapmiz.Nasib qilsa, tibbiyot sohasidagi zamonaviy bilimlarni egallab, xalqimiz salomatligini muhofaza etishdek xayrli ishda kuch – gʻayratimni ayamayman.

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Amrulla Inoyatovning bildirishicha, hamkorlik uch bosqichda amalga oshirilmoqda.Dastlab malakali kadrlar tayyorlash, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlari amalga oshiriladi.Institutning yangi oʻquv binosi va klinikasi barpo etilgach esa tizimda raqamli tibbiyotni joriy etish bilan bogʻliq dolzarb yumushlarga kirishiladi.

Endi bevosita tadbir xususida.Tantanali marosimda Buxoro viloyati hokimi Oʻ. Barnoyev, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Mehmet Sureyya Er, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmonov,Sogʻliq bilimlari universiteti rektori Javdat Erdol va boshqalar soʻz olib, ikki doʻst mamlakat oʻrtasidagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarilganini taʼkidladilar va yangi ish boshlagan fakultet hamda Malakali tibbiy xizmatlar Oliy maktabida tahsil olgan yoshlar yetuk mutaxassislar boʻlib yetishadilar, deya umid bildirdilar.

Shundan soʻng talabalar shifokorlik qasamyodi qabul qilishdi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?