Buxoroda turizm iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylanadi

11:20 16 May 2018 Welcome to uzbekistan
861 0
Foto: gazeta.uz

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, 7 fevraldagi “Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosi shahar va qishloqlarimiz infratuzilmasi yaxshilanib, aholi turmush darajasi oshishiga xizmat qiladi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasidagi faollashuv hamda chet ellardan sayyohlar oqimining jadal oshib borayotgani yurtimizning jozibador go‘shalariga dunyo ahli orasida qiziqish kuchliligini anglatadi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining maslahatchisi, turkiyalik ekspert, sayyohlik bo‘yicha yirik mutaxassis Sodiq Badak o‘z chiqishlarida yevropaliklarning yurtimizdagi tarixiy va ekoturizmga qiziqishlarini, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Eron mamlakatlaridan keladiganlar ziyorat turizmiga, Xitoy, Yaponiya, Janubiy koreyalik sayyohlar esa madaniy va ko‘ngilochar turizmga moyilliklarini bayon etdi.

“Sharq Venetsiyasi” degan nom bilan turistlar orasida mashhur Buxoro shahrida sayyohlar oqimining ko‘payib borayotgani ham ana shundan dalolat beradi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sharqning mashhur qadimiy kenti Buxoroga miloddan avvalgi birinchi ming yillik o‘rtalarida asos solingan. Dunyoning turli xalqlarida, xususan, qadimgi yunon, xitoy, arab manbalarida Buxoro nomi yuksak ehtirom bilan tilga olinadi. Yunon olimi Klavdiy Ptolemey “Geografiya” asarida, xitoylik sayyoh Syuanszan “Xotiralar” kitobida eslab o‘tgan Buxoro O‘rta asrlar arab manbalarida Numijkat, Navmichkat, Bumichkat (“Yangi qo‘rg‘on”), “Al-Madina as-sufriyya” (“Mis shahar”), “Madinat at-tujjor” (“Savdogarlar shahri”), Foxira — “Faxrli shahar”, deya ta’riflangan. Islom dini, musulmon axloqi, madaniyati hamda huquqshunosligining Sharqdagi kuchli markazlaridan biriga aylangan Buxoro “Qubbat ul-islom” — “Islom dinining gumbazi” degan sharafga ham noil bo‘lgan.

Aytish joizki, tarixi teran Buxoro shahri bugun ham dunyo e’tiboridagi shaharlar reytingida yuqori pog‘onalarda turadi.

Har bir ishga did va e’tibor bilan yondashish kerak

— Sayyohlikning samara keltirishi sharoitga bog‘liq, — deydi tarix fanlari doktori, Buxoro davlat universiteti professori Shodmon Hayitov. — Yetti pir — Hazrat Abduxoliq o‘ijduvoniy, Xoja Muhammad Orif ar-Revgariy, Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Hazrat Bahouddin Naqshband maqbara hamda majmualari ziyorati uchun shakllanayotgan infratuzilma, yo‘llarning sozlanishi ichki va tashqi turizm rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Me’moriy obidalarni qadimda qanday bo‘lgan bo‘lsa, shu holicha saqlab qolish yoki ularni ta’mirlashda qadimiylikka amal qilish lozim. Mavjud tarixiy yodgorliklar hali to‘liq ro‘yxatga olinmagani rost. Ro‘yxatga olib, ular haqida mufassal ma’lumotlar tayyorlash uchun hozir olimlar hamda magistr talabalardan iborat guruhni jalb etganmiz. Mana shu ishlar amalga oshirilsa, bu tarixiy yodgorliklarning sayyohlikdagi ahamiyati aniq namoyon bo‘ladi. Buxoroda 300 dan ortiq madrasalar, 30 ta hovuz bo‘lgan. Ularning hozirgi ahvoli qanaqa, qanchasi qay darajada saqlanib qolgan, o‘z holicha qoldirilishi zarur bo‘lganlariyu ta’mirga muhtojlari qancha — bu vazifalar mutasaddi tashkilotlardan tortib, mutaxassislarning zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi.

Buxoroga dunyo sayyohlarini jalb qilish uchun mavjud imkoniyatlarning qanchasi ishga solinganu yana qanchasi ko‘zdan panada yotgani kabi muammolar hali-hanuz to‘liq o‘rganib chiqilgani yo‘q.
— O‘tgan yili ichki turizm bo‘yicha 1 milliondan ortiq, tashqi turizm yo‘nalishida esa 200 ming nafar sayyoh shahrimizda bo‘ldi, — deydi Buxoro davlat universiteti “Turizm” fakulteti dekani, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Abror Jo‘rayev. — Bu yil xorijdan 350 ming nafar atrofida turistlar kelishi kutilayapti.

1993 yilda YuNESKOning madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan Eski shaharning tashqarisidagi 339 gektarlik maydonda joylashgan tarixiy obidalar hali-hanuz e’tibordan chetda. Bu joylar YUNESKO ro‘yxatida ham yondosh hudud sifatida qayd etilgan. Labi Hovuzdan Arkkacha bo‘lgan asosiy joyga sayyohlar shu yerdan o‘tib borishadi. Bir joyni obod qilib qo‘yib, ikkinchi joyga e’tiborsizlik bilan qarash ularning nazaridan chetda qolmaydi. Yondosh hududda chet elliklar izlab keladigan tarixiy obidalar bor, ularning did-ta’blariga qarshi borolmaymiz, “Uyoqni qo‘y, buyoqqa yur”, deb bo‘lmaydi. Aholining tarixiy ob’ektlarga munosabati hali talab darajasida emas. Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda “Turizm asoslari” fanini yo‘lga qo‘yib, yoshlar ongiga tarixiy yodgorliklarda ajdodlarimiz ruhi borligi haqidagi g‘oyani singdirishimiz kerak. Shundagina ularning qalbida faxr-iftixor uyg‘onadi, o‘zligini tanib, bunday joylarni ko‘z qorachig‘idek asrashga intiladi. Buxoro zaminining har qadamida muqaddas tarixiy obidalar, madaniy meros ob’ektlari bor. Ulardan bahramandlik esa hozircha 20 foizdan ortgani yo‘q. Tartibsiz qurilishlar, xususiy hovlilar, xonadonlar orasida qolib ketgan madrasa-masjidlarning ahvoli jiddiy o‘rganilishi, bu borada zarur choralar ko‘rilishi kerak. Bunday inshootlarni ta’mirlash ishlariga ko‘cha ustalari emas, mutaxassislar jalb qilinishi lozim. Mazkur jarayonda esa ta’mirda ishlatiladigan loyning kimyoviy tarkibidan tortib, ustaning mahoratigacha katta ahamiyatga ega. Tegishli tashkilotlar ta’mirlash yumushlariga pul ajratib, mablag‘ni sarflash maqsadida shosha-pisha, bilib-bilmay harakat qilsalar, qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarib qo‘yishlari hech gap emas. Masalan, ba’zi joylarda chiroyli ko‘rsataman, deb gipsokarton qoqib qo‘yishadi, bundan ko‘ra teginmay qo‘ya qolgan ma’qul.

— Qadimiy obidalarni ta’mirlash juda nozik san’at, — deydi “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasi ekskursovodi, san’atshunoslik fanlari nomzodi Baxtiyor Bo‘ronov. — Ba’zan qadimiy madrasa yoki masjidlarning ko‘chib tushgan peshtoqlarini oddiy loy bilan “yamab” chiqishga urinilganini ko‘rib, yurak orqaga tortib ketadi. Bunday ishlarni ajdodlarimizga munosib bo‘lib, ularning bebaho meroslari ahamiyatini anglab amalga oshirishimiz maqsadga muvofiq. Ilgari “Usta Shirin” nomidagi ta’mirlash ustaxonasi bo‘lar edi, hozir o‘sha an’analarni tiklash payti keldi. Yo‘qsa, pul ajratiladi-yu, ish sifatli bajarilmaydi.

Milliy hunarmandchilik sinoati

Ko‘chalarning kengaytirilishi, yo‘llarning sozlanishi, binolarning ta’mirlanishi kabi ishlar tig‘iz davom etayotgani bois Buxoro shahri shu kunlarda qurilish maydonidan aslo qolishmaydi. Sayyohlar hamisha gavjum bo‘ladigan Ark va Minorai Kalon maydonlari o‘rtasidagi “Shahriston” bozorining qurilishi ham ulkan bunyodkorliklar sirasiga kiradi. Qurilish boshlanishiga shay qilinib, tevarak-atrofi o‘rab qo‘yilgan 15500 kvadrat metr ochiq maydonning har tomonida dastlabki qiymati 18,5 milliard so‘mni tashkil etadigan ob’ekt joriy yilning sentyabrida topshirilishi haqida ma’lumot yozilgan plakatlarga ko‘zingiz tushadi. Bu plakatlarda loyiha tashkilotchisidan tortib, buyurtmachiyu pudratchilarning nomlarigacha aniq qilib yozib qo‘yilgan.

Mana shu qurilajak bozorning ort tomonida, sayyohlar gavjum bo‘ladigan Minorai Kalon maydoni tomon chiqib boradigan yo‘lning chap tarafida joylashgan Buxoro ipak gilam to‘qish markazida 120 ta oila ish bilan ta’minlangan.

— Qadimiy hamda zamonaviy dizaynlar biz ishlab chiqarayotgan gilamlarimizning o‘ziga xosligini ta’minlaydi, — deydi markaz ish yurituvchisi Abdurauf Razzoqov. — Fransiya, Italiya, Yaponiya singari mamlakatlardan kelgan sayyohlar shuning uchun mahsulotlarimizni juda qadrlashadi. Bizda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilmaydi, toza ipak ishlatamiz.

Marg‘ilondan tayyor holda keltirilgan kalavalardan korxona qoshida faoliyat yuritayotgan adras sexida milliy matolar to‘qilmoqda.

— Aslida sayyohlarning talab-ehtiyojlariga qarab savdogarlar Marg‘ilondan tayyor adrasning o‘zini keltirib sotishlari arzonga tushishi mumkin, — deydi to‘quvchi Zarina Soliyeva. — Ammo aksariyat xorijliklarni uni ishlab chiqarish jarayoni ham qiziqtiradi. Ular seximizga kirib kelishlari bilan o‘zlarini xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek his etib, har bitta ishimizdan hayratlanishlarining sababi shunda, deb bilaman. Bu qalbimizda faxr uyg‘otadi. Imkoniyatlarimiz juda kengligini, ulardan unumli foydalanishimiz lozimligini his qilamiz.

“Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi a’zosi Oysara Ro‘ziyeva Shofirkon tumani, “Bog‘iafzal” qishloq fuqarolar yig‘inidagi ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan 300 nafarga yaqin ayollarni ish bilan ta’minlagan. Yakka tartibdagi bu tadbirkor Ulug‘bek madrasasi hovlisidagi do‘konida ular tayyorlagan so‘zana, palak, oyna va ziravorlar solinadigan xaltachalar bilan savdo qiladi.

— Tikayotgan matolarimiz ipagini Marg‘ilondan keltiramiz, — deydi u tevarak-atrofini qurshab olgan sayyohlar qiziqish bilan ko‘rayotgan qo‘lidagi palakka ishora qilib. — Bizga alohida bino bo‘lsa, pillani ham o‘zimiz yetishtirib, barcha jarayonni shu yerning o‘zida yo‘lga qo‘ysak, sayyohlar uchun ham juda qiziqarli bo‘lar edi.

Sankt-Peterburgdan kelgan sayyoh Vladimir Bedarev iplarni bo‘yashda piyoz po‘stlog‘i ishlatilishi haqida eshitgan ekan, buning to‘g‘rimi-yo‘qligi, qanday amalga oshirilishi haqida Oysara Ro‘ziyevani savolga tuta ketdi. U bu jarayon haqida sayyohlarga erinmay so‘zlaydi, qizi Nigora buni ingliz tilida xorijliklarga ham aytib berdi. Bir zumda ularning choqqina do‘koni oldiga turli mamlakatlardan kelgan turistlar guruhlari to‘planib kelishdi. Oysara Ro‘ziyeva aytayotgan hunarmandlik sehri dunyo kezgan sayyohlarni ham lol qilib qo‘ygandi.

Zamonaviy “hostel”

“Olimjon” qarvonsaroyida taniqli fotograf Shavkat Boltayev tashkil etgan fotogalereya, yosh tadbirkor Jamshid Kenjayevning shaxmat klubi har qanday sayyohda katta qiziqish uyg‘otadi. Ammo karvonsaroy chetda va qarovsiz bo‘lgani uchun ularning yo‘li bu joylarga uncha tushavermaydi.

Jamshid Kenjayev shaxmat klubiga kelganlarga darhol shirin choy uzatadi. Xohishiga qarab, qahva damlab beradi.

— Bu joy tarixan olib qaraganda, mehmonlar qo‘nib o‘tadigan karvonsaroy bo‘lgan, — deydi Jamshid. — Shu yilning boshida “Bukhara travel Drive” mas’uliyati cheklangan jamiyatini tashkil qilgandim. Maqsadim bu joyda narxi hammabop bo‘lgan zamonaviy karvonsaroy — “hostel” (umumiy yotoqxona) ochish. Turkiyadan investorlar ham topganman, ular mening loyihamni ko‘rib chiqib, ma’qullashdi. Maqom yo‘lida kuylaydigan musiqa guruhini tuzmoqchiman. Axir, milliy cholg‘ularimizni ko‘rishning o‘zi ham sayyohlar uchun qiziqarli-da...

— Bundoq qaraganda, “avtostopshchik”lar ham sayyohlik sohasini reklama qilishda katta rol o‘ynaydi, — deya so‘zida davom etadi Jamshid. — Ular Buxoroga ham ko‘p kelishadi. “Hostel” ochishga erishsam, ular qancha ko‘p kelishsayam bepul yotoq bilan ta’minlashni yo‘lga qo‘yardim. Turli avtoklublar ham sayyohlik sohasiga xizmat qiladi. Men Rossiyadagi “Gaz-69” avtoklubi a’zosiman. Indoneziya, Ozarbayjon, Ukraina, Belarus singari mamlakatlardagi barcha a’zolarimiz 30 nafardan ziyod. Shahar chetida “Kemping” ochish niyatim amalga oshsa, ularni bu yerga taklif etmoqchiman. “Avtostopshchik” — darveshlar ham, avtoklub a’zolari ham butun dunyo bo‘ylab yurishadi, qayerda bo‘lishmasin, borgan joylari haqida gapirib berishadi. Demak, bularning barchasi sayyohlik sohasini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Prezidentimizning hayotga yangicha qarash, dunyodagi o‘zgarishlar bilan hamqadam bo‘lish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi ko‘rsatmalarini tinglaganimda, qalbim to‘lqinlanib ketib, turli loyihalar miyamga kelaveradi. Bu g‘oyalar yerdan uzilgan xayoliy narsalar emas, men o‘zimizning shart-sharoitimizdan, imkoniyatlarimizdan, chet ellik investorlar bilan olib borgan muzokaralarimdan kelib chiqib ish tutaman. Imkon berilsa, hozir qarovsiz holda yotgan “Olimjon” karvonsaroyini aslida qanday bo‘lsa, shunday ta’mirlab, o‘sha qadimiy qiyofasini qaytargan bo‘lardim.

Jamshid Kenjayev chet tillarni ham biladigan, o‘z ustida ishlab, dunyo sayyohligi tajribalarini yaxshigina o‘zlashtirgan yigit ekan. Uning orzu-istagi qadimiy milliy an’analarimizga suyangan holda sayyohlarga xizmat ko‘rsatishdan iborat.

Usta Nikolayning orzusi

Nikolay Anisimov milliy hunarmandchiligimizning qadimiy turlaridan bo‘lgan miskarlik, rextagarlik, kandakorlik sohalarida birdek kamolot kasb etgani tufayli nafaqat Buxoroda, balki respublikamizda ham yuksak hurmat-e’tibor qozongan. Bu sohalarning qadriga yetadigan mutaxassislar, kolleksionerlar uni birgina so‘z bilan “Usta” deb ta’riflashadi. Bu o‘z kasbini sevgan inson uchun eng yuksak unvon. U yasagan miskarlik, kandakorlik buyumlari YUNESKOning Parijdagi qarorgohini, dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi shaxsiy kolleksiyalarni, Buxorodagi Abduxoliq G`ijduvoniy, Bahouddin Naqshband, poytaxtimizning Hastimom me’moriy majmualarini bezab turibdi. Farzandlari Dmitriy, Vladimir ham ota kasbini davom ettirishmoqda. Hunarmandlar o‘rtasida o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarning viloyat va respublika bosqichlarida ularning ishlari yuksak baholangan.

— Modarixon madrasasining bir-ikki hujrasini hunarmandlik ustaxonasiga aylantirib, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshidan shu yerda faoliyat yuritib kelayapman, — deydi Nikolay aka sof o‘zbek tilida. — Allohga shukr, musulmon bo‘lganimga 20 yildan oshdi. Madrasaning o‘nlab hujralari bo‘sh yotgani afsuslanarli, qaniydi, hunarmandlar bu joylarni to‘ldirib, ajdodlarining kasbu korlarini davom ettirishsa, deyman.

Ma’lumotlarga qaraganda, Buxoro XVIII asrdan XX asr boshlariga qadar miskarlik, kandakorlik bo‘yicha Markaziy Osiyoning asosiy markazi hisoblangan. XX asr boshlarida bu yerda 100 nafar miskar faoliyat yuritib, ularning 50 nafari hunarmandchilik buyumlarini yuqori sifat bilan yasash iqtidoriga ega bo‘lgan. O‘tgan asrning o‘rtalarida miskarlik, kandakorlik bu yerda tanazzulga uchrab, haqiqiy ustalar qolmadi. Ammo bundan o‘ttiz yillar muqaddam Nikolay Anisimov milliy hunarmandchilikning bu qadimiy turlarini qaytadan tiklashga qaror qildi hamda sohaga doir kitoblar, albomlar, kataloglardan choynak, chilim, dastsho‘y singari buyumlarni qanday yasash kerakligini mustaqil o‘rgana boshladi. Bu yo‘lda unga sulolaviy miskar usta Said Fayozovning ta’siri ham katta bo‘ldi.

— Qadimiy masjidu madrasalarning har bir g‘ishti ruhiy quvvat, ma’naviy nur tarata olishini his etgan hunarmandgina muvaffaqiyat qozona oladi, — deydi usta Nikolay komil ishonch bilan. — Dunyoning turli chekkalaridan bu yerga sayyohlar shuning uchun oqib kelishadi.

— Modarixon madrasasiga hamma sayyohlar ham kelaverishmaydi, — milliy hunarmandchilik buyumlari oshuftasi, usta Nikolayning muxlisi Sulaymon Muhsinov madrasa hovlisida sochilib yotgan stol-stullarga ishora qiladi. — Avvaldan qiziqib, ma’lum ma’lumotlarga ega bo‘lib, atay qidirib keladigan chet ellik sayyohlar uchun har bir g‘isht, devorlardagi qadimiy naqshlar mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinadi, soatlab tikilib ham to‘yishmaydi. Mahalliy sayyohlar esa bu yerda osh pishiradigan doshqozon borligini eshitib kelishadi — bunday munosabat har qanday kishini afsuslantirmasdan qolmaydi...

— Hunarmandchilikning metall bilan bog‘liq turlari yo‘qolib borayotgani juda achinarli, — deydi Nikolay Anisimov. — Qozog‘iston kinoijodkorlari katta mablag‘ yo‘naltirilgan “Ko‘chmanchilar” badiiy filmini suratga olishayotganda, askarlar dubulg‘asini yasaydigan ustani o‘zlarida topolmay, menga kelishgandi. Farzandlarim bilan ishlab, ularga 16 ta dubulg‘a yasab berganmiz. Men o‘z kasbimni yoshlarga o‘rgatish uchun hamisha tayyorman. O‘quv dargohi ochib berishsa ham, mayli, o‘zim o‘qitib, o‘zim tarbiyalayman, ustaxona ochib berishsa ham roziman — gap nomda emas, amaliy natijada.

2018 yil 10 yanvar kuni “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi huzuridagi Buxoro viloyati “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonasi” direktori v.v.b. A. Po‘latov imzosi bilan Nikolay Anisimovga ogohlantirish xati yuborilib, unga “Modarixon” majmuasidan 36,57 kv.m. bino-inshoot ijaraga berilgani qayd etilgan hamda maktub davomida turli hujjatlar ro‘kach qilinib, ustadan bu yerdagi joylar endi tanlov asosida ijaraga berilishi, xohlasa, tanlovda qatnashishi mumkinligi, aks holda esa, joyni bo‘shatib qo‘yish talab etilgan.

Madrasada o‘nlab hujralar bo‘sh, qarovsiz yotgani holda, tarixiy obidalar jonkuyari usta Nikolay Anisimov ijaraga olib turgan arzimas joy, bir-ikkita hujra uchun bunday iddaolar ortiqcha ekanligi o‘z-o‘zidan ayon. Holbuki, ustaning yoshlarni yo‘qolib borayotgan milliy hunarmandchilikka o‘rgatish orzusini amalga oshirish uchun unga amaliy yordam ko‘rsatish kerakligi ko‘p ham bosh qotiradigan muammo emasligi o‘z-o‘zidan oydinlashadi.

— Koshinpazlik hunari ham bir mahallar Buxoroda paydo bo‘lib, keyin Eronga ko‘chgan, — deydi Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Mansur Nurullayev. — Endi u yerda bu hunar rivojlanib, o‘zimizda yo‘qolib ketdi. Biz yo‘nalishni to‘g‘ri olishimiz kerak: vaqtni boy bermay, qadimiy hunarmadchiligimizni, buyuk ajdodlarimizning an’analarini davom ettirishni istaganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlasak, ularga ko‘maklashsak, ertaga bu o‘zimizga katta investitsiya olib keladi. Usta Nikolay aytmoqchi, madaniy meros ob’ektlari bo‘lgan qadimiy madrasa hamda masjidlarni oshxona, kafe, restoran yoki savdo do‘koniga emas, o‘sha qadimiy yo‘nalishiga qarab ijaraga berish kerak. Bugun tushadigan arzimas ijara pullariga qiziqish bunday ishlarni o‘n yillab orqaga surib yuboradi. Endi ko‘zimizni ochishimiz kerak. Azaliy an’analarga qarab ish tutsak, bu bugun ham, ertaga ham nafaqat moddiy, balki ma’naviy-ma’rifiy daromad ham olib keladi. Prezidentimizning bu borada olib borayotgan siyosatlari hayotga mana shunday munosabatda bo‘lishni talab etmoqda, buni to‘g‘ri anglab, to‘g‘ri yo‘l tutishimiz kerak. Qadimiy inshootlar hunarmandlarga berilsa, “Ustoz — shogird” an’analari yana tiklanadi, izzat-hurmat, madaniyat shakllanadi. 

O‘zaro muloqotning qulay vositasi

— Turizm xalq farovonligi omili ekanligidan tashqari, o‘zaro muloqotning eng qulay vositasi hamdir, — deydi Buxoro shahridagi “Kitob olami” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimi Nazira Mansurova. — Mehmonxonalarga yaqin yerda joylashgani uchun kitob do‘konimizga chet ellik sayyohlar juda ko‘p kirishadi. Ularni bizning hozirgi zamon adiblarimizning asarlari ko‘proq qiziqtiradi, chet tillarda bunday kitoblarni topolmay afsuslanib chiqib ketishadi.

— Toshkentdan yo‘lga chiqqan tezyurar poyezd Buxoroga 3,5 soatda, “Boing” samolyoti 50 daqiqada yetib keladi, — deydi “Buxoroturist” MChJ “Grand Buxoro” mehmonxonasi boshqaruvi raisi Ahmad Husainov. — Ammo na poyezdda, na samolyotda mamlakatimizda chop etiladigan yetakchi gazeta-jurnallarni ko‘rasiz. Samolyot monitorlarida namoyish etiladigan bachkana ko‘rsatuvlar o‘rniga esa shaharlarimiz haqida qanchadan-qancha ma’lumotlar bersa bo‘ladi.

— Sayyohlar o‘rindiqlar yetishmasligidan, ayrim joylarda ularning umuman yo‘qligidan, hojatxonalarning talabga javob bermasligidan yozg‘irishadi, — deya o‘z fikrini bildiradi buxorolik Mirzo Rajabov. — Arzimasdek ko‘ringani bilan hayotiy ehtiyojdan kelib chiqadigan bunday omillarga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim.

Xorijlik sayyohlar nima deydi?

— Buxoroga ilk bor kelishim, — deydi shveysariyalik fotograf Yogan Safoich. — Juda ajoyib taassurotlar oldim, turizm xizmati yaxshi yo‘lga qo‘yilayotganiga guvoh bo‘ldim. Mehmonxonada xizmat turlarini ko‘paytirish kerak. Transport xizmatini ham rivojlantirish zarur.

Avstraliyalik huquqshunos Ros Sanesning aytishicha, Buxoro shahrining tarixiyligi, odamlarning samimiyati unda yorqin taassurot qoldirgan. U har bir sayyohga individual yondashuv lozimligini ta’kidlaydi.
Malayziyalik transport kompaniyasi xodimi Suxari bin Mezaki yo‘llarning ahvolidan qoniqmaganini bildirsa, Avstraliyaning Melburn shahridan kelgan muhandis-maslahatchi xizmat ko‘rsatish markazlarini ko‘paytirish, katta yo‘llar yoqasidagi servisni yaxshilash taklifini kiritadi.

Soha mutaxassislari, xorijlik sayyohlar, hamyurtlarimizning fikr-mulohazalari ekskursovod-gidlar, sayyohlik yo‘nalishini belgilashda muzeylar hamda boshqa ilmiy muassasalarning ahamiyati singari dolzarb mavzular doirasida hali ko‘plab izlanishlar olib borilishi kerakligini ko‘rsatadi. Ana shundagina Sharq Venetsiyasi — Buxoro o‘z sayyohlik salohiyatini olamga to‘liq namoyon eta olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shoyim BO‘TAYEV, 
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?