Buxoroda “Temur tuzuklari bilimdoni” viloyat bosqichi yakunlandi

15:46 22 Avgust 2019 Jamiyat
126 0

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari, Davlat bojxona qoʻmitasi hamkorligida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi tashkil etilgan.

Kuch tuzilmalaridagi yosh harbiy xizmatchilarning maʼnaviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy merosimizning tarixiy ildizlarini oʻrganish hamda tahlil etish, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targʻib etishdan iborat ushbu tanlovning viloyat bosqichi Buxoro yoshlar markazida oʻtkazildi.

Tanlovda 18 nafar yosh harbiy xizmatchilar “Amir Temurning harbiy saboqlari” hamda “Amir Temur oʻgitlari bilimdoni” shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdi. Shuningdek, “Temur tuzuklari” asari asosida tuzilgan 25 ta savol orqali ishtirokchilarning bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

- Amir Temurning “Temur tuzuklari” asari 1880-yilda Angliyada, 1785 va 1891-yillarda Hindistonda chop etilgan, – deydi 28803-sonli harbiy qism muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Jumabek Adilbek uli Sadadinov,– Bu esa asarning dunyo hamjamiyatida tutgan oʻrni nechogʻli muhim ekanini koʻrsatadi. Aytish oʻrinliki, ushbu tanlov kitobxonlik targʻibotining yoʻlga qoʻyilishida ham ahamiyatli boʻldi. “Temur tuzuklari” kitobini chuqur mutolaa qilganimiz dunyo siyosatini chuqurroq anglashimizda ham asos boʻla oldi.

Tanlov natijalariga koʻra, 28803-sonli harbiy qism muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Jumabek Adilbek uli Sadadinov 1-oʻrinni, viloyat Bojxona boshqarmasi harbiy xizmatchisi leytenant Rustam Abduroziqov 2-oʻrinni, 7258-sonli harbiy qism muddatli harbiy xizmatchi oddiy askar Sherruz Bozorboyev 3-oʻrinni egalladi. Viloyat bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan gʻolib respublika bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Maʼlumot uchun: Buxoro viloyatidagi jami 18 ta harbiy qismda “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining saralash bosqichlari oʻtkazilgan. 10 kun davom etgan mazkur bellashuvlarda jami 1029 nafar yosh harbiy xizmatchilar va xodimlar test sinovlarida qatnashgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?