Buxoroda “Tashkent City”dan ham kattaroq hududda “Bukhara City” quriladi

14:32 10 Iyul 2019 Iqtisodiyot
467 0

Azaldan madaniyat va maʼrifat beshigi boʻlib kelgan Buxoroi sharifda “Bukhara City”ning barpo etilishi haqidagi xabar koʻplab yurtdoshlarimiz qatori xorij fuqarolarining ham qiziqishiga sabab boʻlyapti. U shaharning qaysi qismida quriladi, qanday qulayliklar yaratiladi, degan savollar tugʻilmoqda. Bu zamonaviy maskan qadimiy shahar qiyofasiga daxl yetkazmasmikan, degan xavotirlar ham yoʻq emas. Viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Botir Shahriyorov muxbirimizga shu mavzuda quyidagilarni soʻzlab berdi.

Darhaqiqat, Buxoro azaldan ilm-fan, maʼrifat, savdo va hunarmandchilik ravnaq topgan shahar sifatida dunyo ahlini oʻziga maftun etib kelgan. Shuningdek, u Oʻzbekistonning sayyohlar va mehmonlar eng koʻp tashrif buyuradigan hududlaridan biri sanaladi. Masalan, keyingi ikki yilda Buxoroga kelayotgan sayyohlar va mehmonlar oqimi 2, 5-3 baravarga koʻpaydi. Hozirda tashqi siyosatda ochiqlik prinsipiga amal qilinyapti. 46 ta mamlakat aholisiga yurtimizda 30 kungacha vizasiz boʻlishi, 76 ta davlat fuqarolari yengillashtirilgan tartibda elektron viza olishi, 101 ta mamlakat aholisi uchinchi davlatga borishda Oʻzbekistonga 5 kungacha vizasiz kirishi uchun imkoniyat yaratildi.

Hayot esa turistlar uchun zarur infratuzilmani yanada rivojlantirish, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari, restoranlar, banklar va boshqa obyektlarni barpo etishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8-iyuldagi “Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.

Uning loyihasini tayyorlash jarayonida koʻplab xorijiy mamlakatlar tajribasi, jumladan. Fransiya, Ispaniya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning tarixiy shaharlari infratuzilmasi, ularda amalga oshirilgan yangi inshootlarni joylashtirish usullari atroflicha oʻrganildi. YUNESKO Umumjahon madaniy meros markazi talablari va xalqaro shaharsozlik qoidalarini chuqur tushunadigan mutaxassislar bilan maslahatlashildi. Pirovardida “Bukhara City”ni qurish uchun shaharning tarixiy qismiga umuman taʼsiri boʻlmagan joy tanlandi. U bu qismdan salkam 6 kilometr uzoqlikdadir.

Majmua hukumatning biz yuqorida nomini tilga olgan qaroriga koʻra, aholi turar – joylari boʻlmagan, 15 – 20 yildan buyon boʻsh turgan, faoliyati samarasiz boʻlgan bir qator sanoat korxonalari joylashgan hududda quriladi. U 83 gektarni tashkil etadi. “Bukhara Sity” majmuasining bosh rejasini tuzishda loyiha menejeri sifatida, viloyat hokimligi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik prinsiplari asosida Turkiyaning “Studio Vertebra” kompaniyasi va qurilish sohasi rivojlangan davlatlarning loyihalash kompaniyalari jalb qilindi.

Bu hududda zamonaviy mehmonxonalar, restoranlar, teatr, kinozallar, ofislar, banklar, biznes markazlari, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, klinika, maktab, maktabgacha taʼlim muassasasi, sport inshootlari va turar – joylar barpo etiladi. Loyiha roʻyobi uchun 500 million AQSH dollaridan ziyod qiymatda investitsiya jalb etilishi, buning evaziga oʻn mingtadan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

Yana bir gap. ”Buyuk ipak yoʻli” chorrahasida joylashgan, 2500-yildan qadimroq tarixga ega Buxoroning oʻrta asrlarda shakllangan madaniy qiëfasini ham asl holida saqlab qolishga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Jumladan, ”Buxoro shahri va Buxoro viloyati turistik salohiyatini jadal rivojlantirish” dasturida shaharning eski qismini obodonlashtirish, uning qadimiy qiyofasi ini saqlab qolish boʻyicha katta vazifalar belgilangan. Chunonchi, ayni paytga qadar koʻplab meʼmoriy obidalar taʼmirlandi, shaharning Ark qalʼasidan Labihovuz majmuigacha boʻlgan qismida piyodalar yoʻlaklari hududi barpo etildi, tarixiy ahamiyatga ega boʻlmagan, aftodahol turar joylar oʻrniga bir-ikki qavatli mehmonxonalar, kafe va restoranlar, savdo-koʻngilochar muassasalari majmualari qurilmoqda. Turistik marshrutlar oʻtadigan koʻchalar taʼmirlandi. Qadimiy yodgorliklar chiroyi tunda ham namoyon boʻlishi uchun maxsus chiroqlar oʻrnatildi. Bu yoʻnalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi.

“Xalq soʻzi” muxbiri Istam IBROHIMOV yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?