Buxoroda tadbirkorni chuv tushirgan moldovalik mehmon qoʻlga olindi

11:12 16 Avgust 2019 Jamiyat
83 0

Eng mehmondoʻst va shirinsuxan xalq ekanligimiz butun dunyoga ovoza boʻlib borayotgani biz uchun ham iftixor. Biroq ming afsuski, baʼzan ortiqcha mulozamat yoki mehmonnavozligimizni suisteʼmol qilayotganlar ham uchrayotgani juda xunuk manzara. Masalan, 2018-yilning 21-iyunida koʻhna qitʼaning Moldova davlatidan yurtimizga tashrif buyurgan fuqaro I.P. Buxoro shahri markazining “Dilkusho” koʻchasidagi uylardan birida qoʻnim topib, vaqtincha yashab, shu yerda savdo-sotiq ishlarini yoʻlga qoʻygan edi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi rasmiy saytida xabar berildi.

U shu yil fevral oyi boshlarida viloyat “Markaziy dehqon bozori”ni koʻzdan kechirib yurib, xoʻjalik mollari sotilayotgan savdo doʻkoniga kirdi. Uning sotuvchisi fuqaro R. H. ga oʻzining tijorat faoliyati haqida gapirib berib, hamkorlik qilishni, yaʼni, kattaroq “partiya”dagi tovarini ulgurji narxda sotib olishi va bu molni shaharlararo aylanib yurib, asosan Buxoro va Xorazm viloyatlarida sotib berishini taklif qildi. Yaʼni, xaridorga oʻtkazilgan tovari pulini sotilganidan keyin toʻliq berishini vaʼda qildi.

Xalqimizda “sinalmagan otning sirtidan oʻtma” degan hikmat magʻzini mahalliy tadbirkor-tijoratchi R. H. hali “chaqib koʻrmagan” shekilli, Aks holda unga qulay taklif bildirgan “hojatbaror hamkori”ga oz emas, naq 14 million soʻmlik xoʻjalik mollarini atigi 3 million soʻmga qoʻshqoʻllab nasiyaga berib yubormagan, oxirda oʻzi jabrdiydaga aylanib qolmagan boʻlarmidi.

Buxoro tumani, “Shergiron” MFYda yashovchi fuqaro R. H. nihoyat, shu yil 29-iyul kuni viloyat IIB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilib, uni chuv tushirgan firibgarni qonuniy tartibda javobgarlikka tortish, undan pulini undirib berishlarini soʻradi. Viloyat IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi, 1-qismiga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Moldova respublikasi fuqarosi, 1994-yilda tugʻilgan va hozirda Atachi shahrida doimiy roʻyxatda turgan fuqaro I.P. ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Moddiy manfaatdorlik bor joyda gʻirromlik, tovlamachilik va firibgarlik boʻlishi tayin. Izzatini bilmagan firibgar mehmon bilan bogʻliq jinoyat boshqalarni hushyor torttirsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?