Buxoroda sud raislari jurnalistlarga axborot berdi

17:20 30 Iyul 2019 Jamiyat
198 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi binosida “Sud va OAV xodimlari uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Bunda sud raislari ommaviy axborot vositasi xodimlariga axborot berdi. Bu gal jurnalistlarning jarayonlarni erkin va ochiq yozib olishi, videotasvirga tushirishi uchun hech qanday toʻsiq yoki eʼtiroz bildirilmadi.

13 yillik jurnalistik faoliyatim davomida sud idorasiga ilk bor jarayonni yozib olishda foydalanishim uchun zarur boʻlgan texnik vositalar bilan bemalol kira oldim. Ilgarilari sud tizimida oʻtkazilgan oddiy uchrashuvlarda ham shaffoflikning yoʻqligi asablarni tarang qilar edi. Bugungi oʻzgarishlar esa uchinchi va toʻrtinchi hokimiyat vakillari oʻrtasida paydo boʻlayotgan ishonch va hamkorlikdan darak,-dedi “Buxoronoma” gazetasi muxbiri Nargiza Quvoncheva.

Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi raisi Qadirbergan Yaxshimuratov, Fuqarolik ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi Azamat Ikromov, viloyat Iqtisodiy sudi raisi Maqsud Saidov, viloyat Maʼmuriy sud raisi Suxandiyor Roʻziyev hamda tuman, shahar vakillaridan iborat sud raislari va suyalar bilan oʻtgan uchrashuv ensani qotiradigan uzundan-uzoq maʼruzalardan xoli boʻldi. Suratkashlar ham uchrashuvda ishtirok etishdan maqsad - sudyalarni esdalik uchun suratga olish emasligini isbotlashdi.

Uchrashuvda sudning madaniyati, qarorlari, matbuot bilan hamkorlik masalalarida kamchilik va muammolar mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi raisi Qadirbergan Yaxshimuratov ochiq va yopiq sudlarning tartibi, talablari, qoidalariga toʻxtalib, toʻplangan jurnalistlarga qanday holatlarda sudlarda ovoz yozib olish, tasvirga olish mumkin emasligi toʻgʻrisida tushuncha berdi. Shuningdek, u sudlarning matbuot va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi jamiyat manfaati yoʻlida xizmat qilishini taʼkidladi va soʻngra Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi faoliyati yuzasidan axborot berdi.

Oʻtgan hisobot davrida 944 nafar shaxsga nisbatan 724 ta jinoyat ishi koʻrildi. Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan koʻrib tamomlangan ishlar soni 218 taga yoki 23,1 foizga, sudlanuvchi shaxslar soni esa 283 taga yoki 23 foizga kamaydi. 516 ta ish boʻyicha 713 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlandi. 206 nafar shaxsga nisbatan 188 ta jinoyat ishi harakatdan tugatildi. 12 nafar shaxsga nisbatan 7 ta ishda jazo tayinlamasdan hukm chiqarildi. 4 nafar shaxsga nisbatan 4 ta jinoyat ishi boʻyicha shartli hukm qilindi,-dedi u oʻz soʻzida.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro viloyat sudi raisi Azamat Ikromov hisobot davrida 5 ming 296 ta fuqarolik ishi koʻrilganini maʼlum qildi. Bu raqam oʻtgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda, 2352 taga kamaygan. Shuningdek, u sud tizimi oshkoraligi, jamoatchilik nazorati, xususan, matbuot hamda ommaviy axborot vositalari bilan sudlar hamkorligi koʻp jihatdan bogʻliqligi haqida toʻxtaldi. U sud tizimida olib borilayotgan islohotlar, oʻzgarishlar, sud qarorlari adolatli boʻlishi uchun koʻrilayotgan chora-tadbirlar, ayniqsa, sud majlislarining onlayn translyatsiyasi yoʻlga qoʻyilayotgani va uning ahamiyati toʻgʻrisida toʻxtaldi.

– Yilning olti oyida koʻrib tamomlangan 14 ming 341 shaxsga nisbatan 11 ming 19 ta maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar birinchi instansiyada koʻrish uchun kelib tushgan. Shulardan 12 ming 182 shaxsga nisbatan 9 ming 482 ta maʼmuriy ishlar sudlarda koʻrib tamomlangan, – dedi Buxoro viloyati maʼmuriy sudi raisi Suxandiyor Roʻziyev.

Buxoro viloyati Iqtisodiy sudi raisi Maqsud Saidovning axborot berishicha, joriy yilning olti oyida viloyat va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tomonidan 3070 ta ish koʻrib chiqilgan, shundan 216 ta sud buyrugʻi berilgan. Koʻrilgan ishlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11 436 taga yoki 79,9 foizga kamaygan. Koʻrib chiqilgan iqtisodiy ishlar boʻyicha daʼvogarlar foydasiga 294 milliard 904 million soʻm undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan. Ishlarni koʻrish jarayonida aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan 81 ta taʼsir choralari qoʻllanilgan. Xususan, 25 ta maʼmuriy, 13 ta moddiy javobgarlikka tortish va 14 ta intizomiy jazo chorasi qoʻllash haqida, qonunbuzarliklarning oldini olish yuzasidan esa 16 ta xususiy ajrim chiqarilgan. Tadbirkorlik subyektlaridan iqtisodiy sudlarga elektron shaklda yuborilgan murojaatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan koʻpayib, 639 tani tashkil etgan.

Uchrashuvda sud raislari jurnalistlarga bajarilgan ishlar yuzasidan axborot berishdan tashqari, ularni qiziqtirgan savollarga ham javob qaytarishdi.

Sudlarning ochiqligi va shaffofligini oshirish, shuningdek, sud jarayonlarida jurnalistlar ishtirokini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilingan qaror va farmonlar, qonunchilikdagi yangiliklar toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtildi. Hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib olindi.

Maʼlumot uchun: 2019-yilning yanvar oyida Buxoroda oʻtgan “Sud va OAV xodimlari uchrashuvlari”da jurnalistlarning texnik vositalar bilan ishtirok etishiga taqiq qoʻyilgan edi.

Laylo Hayitova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?