Buxoroda soxta “DXX xodimi” qoʻlga tushdi

17:43 27 May 2019 Jamiyat
380 0

Yaqindagina Toshkent shahrida yoʻl harakati xavfsizligi xodimiga soxta guvohnoma koʻrsatgan sobiq sudya aniqlangan edi, deb yozadi OʻzA.

Turli idora va tashkilotlar guvohnomasini koʻrsatib maqtanuvchi yoki undan shaxsiy manfaati yoʻlida foydalanuvchilar haqida ilgari koʻp eshitganmiz. Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tegishli guvohnomaning oʻziga yarasha “kuchi” boʻlgani sir emas.

Ammo bugun zamon butunlay oʻzgardi. Hatto vazir boʻlsangiz ham oddiy odamga guvohnoma koʻrsatib, unga taʼsir oʻtkazmoqchi boʻlsangiz, bu juda kulguli bir hol. Chunki rahbarmi, undan qoʻrqish kerak, degan tushunchalar erkin fikrlay boshlagan jamiyat uchun yot narsaga aylandi.

Biroq shunday kaltabinlar borki, ular hamon guvohnoma, achinarlisi, soxta guvohnoma bilan ish bitirish payida yuribdi. Yaqindagina Toshkent shahrida yoʻl harakati xavfsizligi xodimiga soxta guvohnoma koʻrsatgan sobiq sudya aniqlangan edi.

Bu safar Buxoro shahrida “Men davlat xavfsizlik xizmatidanman”, deb odamlarni aldab, ularni chuv tushirishni odat qilgan firibgar qoʻlga tushdi.

Buxoro viloyatining Kogon shahridan boʻlgan B.H. odamlarga goh yuqori tashkilotda ishlaydigan tanishim bor, davlat xavfsizlik xizmatida ishlaydigan akaxonim bor, der, gohida jurʼat topganida “men davlat xavfsizlik xizmatidan”, deb odamlarni aldab, ulardan pul undirib kelgan.

Uning asl qiyofasini muqaddam olti marta firibgarlik jinoyati bilan sudlangani ham aytib turibdi, aslida. Oxirgi marotaba 2016-yil 4-oktyabrda firibgarlik uchun u 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2018-yil may oyida oʻtalmay qolgan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Kechirimlilik, bagʻrikenglik kabi tushunchalarni anglaganida, u ertaroq qutilganiga shukr qilib, biror foydali ish bilan mashgʻul boʻlardi. Biroq, afsuski, oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas, deganlaridek, u qilmishini yana davom ettiraverdi.

2018-yil yoz oylarida B.H. Naima ismli ayolga oʻzini Davlat xavfsizlik xizmatida yuqori lavozimda ishlashini aytib, aldov yoʻli bilan uning ishonchiga kiradi. Xohlasa Buxoro tumani hududida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan uy-joylardan olib berishni vaʼda qiladi. Uy olish orzusida yurgan ayol hojatbarorning oʻz oyogʻi bilan kelganidan suyunib, unga 18 ming AQSH dollari beradi.

Ayanchlisi, ayol bu pullarni akasi bilan birgalikda bir umr jamgʻargan edi.

Firibgarlikni kasb qilganlarga esa odamlarning dardu tashvishi begona, keyin qay ahvolga tushishi esa mutlaqo ahamiyatsiz, albatta.

“Ishonchli” odam topib, deyarli uyli boʻlgan ayol oʻzicha suyunib yurganida, B.H. oʻz “faoliyati”ni boshqa joyda davom ettirayotgan edi. Bu safar u Dilshod ismli shaxsga davlat xavfsizlik xizmatiga ishga joylashtirishni vaʼda qiladi. Lekin bu oʻz-oʻzidan boʻlmasligi, buning oʻziga yarasha “xarajat”lari borligini aytadi.

Xalqimiz koʻza kunda emas, kunida sinadi, deganidek, bu safargi mijoz hushyor chiqib qoldi. U ushbu holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan edi.

Kogon shahridagi avtoturargohda B.H. Dilshoddan 15 million soʻm pulni olayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalil bilan qoʻlga olindi.

– Firibgarlik tez-tez sodir boʻlayotgan, odamlarning ishonuvchanligi sabab ildiz otayotgan jinoyatlardan, – deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyati Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherov. – Aynan shu kabi jinoyatlarga oid ishlarni sayyor sud majlislarida koʻrib chiqishga, jarayonga koʻproq odamlarni jalb qilishga harakat qilyapmiz. Toki, koʻrganlari ularga saboq boʻlishi uchun. Ammo ayrimlar koʻzlagan maqsadiga qonuniy yoʻl bilan, albatta maʼlum bosqichlarni bosib oʻtib, zarur boʻlsa, kurashib erishish oʻrniga duch kelganga ishonib, ishi oson bitishini maʼqul koʻrmoqdaki, ishlari bitsa koshki edi. Lekin aldanib qolgachgina ular qonuniy chora izlaydi. Biroq koʻp hollarda ularga yordam berish imkonsiz boʻladi. Chunki aybdor jazosini olgani bilan yetkazilgan zararni toʻlab bera olmaydi. Boisi olingan pulni u oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan boʻladi. Yuqoridagi holatda B.H.ga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jami 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda oʻtash belgilandi. Sudlanuvchi jabrlanuvchi foydasiga yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi.

Jinoyat qilaverib bunga oʻrganib qolgan bu kimsaning esini endi oʻn yil muddatli qamoq jazosi kiritar. “Men davlat xavfsizlik xizmatidan”, deyishni unitar, balki.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?