Buxoroda salkam yuz yillik tanaffusdan keyin ipak qogʻozi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

09:53 27 May 2019 Jamiyat
453 0

Buxoroda taniqli xalq amaliy ustasi, miniatyurachi rassom, “Shuhrat” medali sohibi Davron Toshev tashabbusi bilan qadimiy usulda ipak qogʻozi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

- Ajdodlarimiz oʻtmishda bu nozik hunarning ustasi boʻlishgan, - deydi D. Toshev. - Bu soha xususan, XV – XVI asrlarda juda ravnaq topgan. Tarixiy manbalarda Buxoroning qadimiy Kobdin arigʻi boʻyida ipak qogʻoz tayyorlovchi 200dan ziyod ustaxonaning mavjud boʻlgani toʻgʻrisida maʼlumot uchraydi. Vohamizda bu ish bilan shugʻullangan oxirgi usta 1940-yilda vafot qilgan. Shuni inobatda olsak, salkam 100-yildan buyon Buxoroda ipak qogʻoz tayyorlanmayotgani maʼlum boʻladi.

Eʼtiborli jihati shundaki, Davron aka ipak qogʻoz ishlab chiqarishni klaster usulida yoʻlga qoʻydi. 15 ta yangi ish oʻrni yaratdi.

- Buni muhtaram Prezidentimizning Buxoroga qilgan tashriflari samarasi deb bilaman, - deya davom etadi usta. - Gap shundaki, viloyat hokimi tomonidan bizga oʻz hunarmandchilik markazimizni barpo etish va klaster usulida ishlashimiz uchun 1 gektardan ziyod ekin maydoni ajratildi. Bu maydonga tut koʻchatlari oʻtqazganmiz. U bizga xom ashyo vazifasini oʻtayapti. Tut shoxi poʻstlogʻini qayta ishlash orqali juda sifatli ipak qogʻozi tayyorlashga muvaffaq boʻlyapmiz. Shogirdlarim bilan miniatyura asarlarini shu qogʻozga tushiryapmiz. Tayyor ijodiy mahsulotlarimiz esa miniatyura sanʼati ixlosmandlari, ayniqsa, xorijiy sayyohlar tomonidan sotib olinyapti. 

Bir soʻz bilan aytganda, daladagi oddiy tut koʻchati pirovardida inson aql – zakovati, isteʼdodi sharofati bilan sanʼat asariga aylanmoqda.

- Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan koʻplab mamlakat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilinganidan xabardorsiz, albatta, - deydi hunarmand. – Men buning iqtisodiy samarasini oʻz faoliyatimda koʻryapman. Markazni qurish jarayonida yashirmayman, mablagʻ yetishmovchiligiga duch kelib qoldim. Shunday tashvishlar bilan yurganimda ustaxonamga Isroil davlatidan uch nafar sayyoh kirib keldi. Ular ijodiy ishlarimni tomosha qilishdi. Suhbat asnosida vizasiz rejimning joriy etilishi tufayli oʻzlarida Oʻzbekistonga kelish fikri tugʻilganini aytib qolishdi. Ularga “Jannatga yoʻl” degan asarim maʼqul tushdi. Bu kompozitsiya ustida salkam bir yil mehnat qilganman. Narxi ham shunga yarasha, albatta. Xullas, asarni 9 ming AQSH dollariga sotib olishdi. Bu mablagʻ markaz qurilishida menga juda asqatdi. Buyogʻiga xulosa yasash oʻzingizga havola...

Darvoqe, ipak qogʻozi tayyorlash toʻgʻrisida. U bir necha jarayondan iborat.Dastavval, tut shoxlari qozonda qaynatiladi va poʻstlogʻi ajratib olinadi. Poʻstloq ham alohida qaynatilib, yuza qismidan forigʻ etiladi. Shu tariqa u magʻz holatga keladi. Ipak qogʻoz tayyorlashning samarqandcha usulidan farqli tarzda bu magʻz suv vositasida emas, balki qoʻl kuchi yordamida obdon eziladi. Buni ustalar Buxoroda suvning taqchilligi bilan izohlashdi. Hosil boʻlgan xom ashyo shundan soʻng suvga solinib, maxsus ramka yordamida qogʻozga aylantiriladi. Bu yerda shuningdek,paxta chiqindisidan ham qadimiy usulda qogʻoz tayyorlanyapti.

Aytmoqchi, yaqinda “Usta Davron miniatyura markazi”ning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Markazdan sayyohlar qadami uzilmayapti.

Istam IBROHIMOV,“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?