Buxoroda pora bilan qoʻlga olingan sobiq Mudofaa ishlari boʻlimi xodimiga hukm oʻqildi

15:28 04 Iyun 2019 Jamiyat
424 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Peshkoʻ tuman raisi Farrux Ikramovning maʼlum qilishicha, Peshkoʻ tuman Mudofaa ishlari boʻlimi sobiq xodimi Furqat Safoyev pora bilan qoʻlga olinib, unga nisbatan jazo choralari qoʻllanilgan.

Furqat Safoyev 2018-yilning avgust oyidan noyabr oyiga qadar Peshkoʻ tuman Mudofaa ishlari boʻlimida faoliyat yuritgan. Ish holatiga koʻra, F. Safoyev tuman Mudofaa ishlari boʻlimidan rasman boʻshatilgan boʻlishiga qaramay, fuqaro Jahongir Roʻziyevning ishonchiga kirib, 2019-yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatga yuborilishini vaʼda qilgan. Buning evaziga Jahongir Roʻziyevdan 400 AQSH dollari talab qilgan.

Joriy yilning 3-mart kuni soat 12:20 larda Peshkoʻ tumani “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi “Haydarobod” toʻyxonasi oldida fuqaro J.Roʻziyevdan 400 AQSH dollari miqdoridagi chet el valyutasini qonunga xilof ravishda olayotgan vaqtida jinoyat ustida qoʻlga olingan.

Sud majlisida sudlanuvchi tomonidan sodir qilingan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, uning shaxsi, aybiga toʻliq iqrorligi, ijtimoiy ahvoli va oilaviy sharoiti, muqaddam sudlanmaganligini hamda jazoni yengillashtiruvchi boshqa holatlar inobatga olingan. Unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 1-qismi, 28,25,211-moddasi 1-qismi bilan JKning 57-moddasini qoʻllanilib, 5.068.250 soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?