Buxoroda oʻtkazilgan koʻrik-tanlov gʻoliblari 15 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlandi

19:45 17 Yanvar 2019 Jamiyat
354 0

Buxoro viloyati adliya boshqarmasi matbuot xizmati surati.

Bugun Buxoro shahrida Adliya vazirligi tomonidan xodimlarning ishga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish, malakali kadrlarni aniqlash va ular tashabbuskorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida uyushtirilgan “Yilning eng yaxshi adliya xodimi” hamda ”Yilning eng yaxshi adliya boʻlimi” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Buxoro viloyati adliya boshqarmasi matbuot kotibi Nasiba Joʻrayeva maʼlum qildi.

Buxoro davlat universitetida oʻtkazilgan mazkur koʻrik-tanlovda 14 ta viloyatdan oʻz hududida eng yaxshi, deb saralangan boʻlimlar va adliya xodimlari qatnashdi.

Tanlov shartlariga koʻra, ishtirokchilar oʻz faoliyatlari toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotni sohaga tegishli slaydlar hamda nutq madaniyati yordamida koʻrsatib berishdi. Bundan tashqari, ularning huquqiy bilimlari test sinovidan oʻtkazildi. Huquqiy muammolarga adliya xodimi tomonidan taqdim qilingan takliflar baholandi. Shuningdek, qatnashchilarning Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan 230 dan ortiq qonun hujjatlari va loyihalar borasidagi bilimlari tekshirildi.

Buxoro viloyati adliya boshqarmasi matbuot xizmati surati.

 

“Yilning eng yaxshi adliya xodimi” koʻrik-tanlovida birinchi oʻrinni Namangan viloyati Huquqiy ekspertiza va yuridik xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi Sardorbek Azizov egalladi hamda 15 million soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi. Ikkinchi oʻringa munosib koʻrilgan Xorazm viloyatilik ishtirokchi Rahmon Sattarov 10 million soʻm, faxrli uchinchi oʻringa sazovor boʻlgan surxondaryolik yetakchi-maslahatchi Sayqalbek Allayorov esa 7,5 million soʻm bilan taqdirlandi.

 

Shuningdek, “Yilning eng yaxshi adliya boʻlimi” koʻrik-tanlovida Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani adliya boʻlimi birinchi, Toshkent shahar Yashnobod tumani adliya boʻlimi ikkinchi, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani adliya boʻlimi esa uchinchi pogʻonani egalladi. Ularga ham tegishli miqdordagi pul mablagʻlari topshirildi.

Laylo Hayitova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?