Buxoroda noyob ustaxona topildi. U ilmiy qarashlarni oʻzgartirib yuborishi mumkin

10:48 16 Avgust 2019 Jamiyat
134 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Qadimgi Poykentdan yosh arxeolog Elbek Sobirov metalga ishlov berish ustaxonasini topdi.Bu shu boradagi ilmiy qarashlarni oʻzgartirib yuborishi mumkin.

Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanida ijodiy safarda boʻlgan “Xalq soʻzi” gazetasining ijodiy xodimlari noyob kashfiyot ustidan chiqishdi.Ular qadimgi Poykent xarobalarida metalga ishlov beradigan ustaxona ( xumdon) topilganiga guvoh boʻldilar.U taʼbir joiz boʻlsa,yosh arxeolog Elbek Sobirov tomonidan kashf etildi.

Dastavval Poykent haqida qisqacha toʻxtalsak.Oʻrta asr muarrixlari Muhammad Narshaxiy, Tabariy, Ibn al –Xordadbex, Ibn al-Faqix va boshqalarning asarlarida bu goʻsha “Madina al Tujjor” –“Savdogarlar shahri” deya eʼtirof etilgan.Poykent taʼriflanishicha, Soʻgʻdning “marvaridmonand” shahri boʻlgan.

- Shahar miloddan avvalgi IV asrdan shakllana boshlagan,-deydi Poykent muzeyi rahbari Normamat Sobirov.-VI asrga kelib mintaqaning yirik shaharlaridan biriga aylanadi.Istaxriy va Ibn Xavqallar Poykent X asrda kuchli mudofaa devorlari bilan oʻralganini, unda mahorat bilan qurilgan jome masjidi borligini, masjid mehrobi oltin va boshqa qimmatbaho toshlari bilan bezalganini yozib qoldirishgan.Muarrixlar fikricha, aynan shu jihatdan Movarounnahrda unga teng keladigani yoʻqdir.Shaharda aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlovchi, oqava suvni chiqarib yuboruvchi maxsus kanalizatsiya tarmogʻi boʻlganining oʻziyoq ajdodlarimizning yuksak aql – zakovatidan darak beradi.

Poykent ne – ne bosqinlarni koʻrmadi, deysiz.Ammo u tashqi dushmanlarga aslo boʻyin bermadi.Faqat... Faqat beshafqat tabiat oldida ojiz qoldi.Bir paytlar hayqirib oqqan Zarafshon va Qashqadaryoning qadim irmoqlari bu manzilga kelmay qoldi.Atrofdagi koʻllar quridi.Shahar tanazzulga yuz tutdi.Shahar odamlar tomonidan tashlab ketildi.

Endi bevosita noyob topilma xususida.Poykentdan metalga ishlov beruvchi xumdonning topilishi ilmiy qarashlarni oʻzgartirib yuborishi mumkin.Negaki, u miloddan avvalgi III asrga taalluqli Soʻgʻddagi eng qadimiy topilma deb hisoblanayapti.

-Qadimda Poykentni botqoqliklar oʻrab turgan,-deya mulohaza yuritadi Rossiya davlat Ermitaji xodimi, Buxoro arxeologik ekspeditsiyasi rahbarlaridan biri Andrey Omelchenko.- Bu shu hududda metall xom ashyosi mavjud boʻlganini anglatadi.Biz shundan kelib chiqib, Poykentni metalni qayta ishlash markazi boʻlgan, deya taxmin qilar edik.Xumdonning topilishi bu ilmiy farazni haqiqatga aylantiryapti.

Qadimgi davrlarda bu tomonlarga qilich, oʻq-yoy, shuningdek, metaldan boʻlgan ish qurollari chetdan keltirilgan, degan qarashlar mavjud.Endi esa bu fikrlar yoʻqqa chiqmoqda.Binobarin, poykentliklar metalni qayta ishlashni ham juda yaxshi bilishgan.

Eʼtiborlisi, bu Poykent xarobalaridan topilgan yagona topilma emas.Faoliyati Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi tomonidan muvofiqlashtirib borilayotgan ekspeditsiya aʼzolari tomonidan soʻgʻd yozuvi tushirilgan idish parchasi, faqat Buxoro vohasida uchraydigan, Sosoniylar davrida zarb etilgan tangalar hamda oʻq-yoy uchi ham topildi.

A. Omelchenkoning bizga bildirishicha, dunyoda soʻgʻd yozuvini oʻqiy oladigan toʻrt nafar mutaxassis bor, xolos. Ulardan biri Rossiya davlat Ermitaji sekt or rahbari Pavel Luryedir. Yozuv nusxasi shu mutaxassisga joʻnatildi.Binobarin, noyob topilmada nima haqda yozilgani tez orada maʼlum boʻladi.Shuningdek, metalni qayta ishlash xumdoni, topilgan metal parchalari va boshqa ashyolar chuqur tahlil qilinadi.

Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, 1981-yildan buyon Poykent xarobalarida Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitajining Buxoro ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan tadqiqotlar olib borilmoqda.

Poykent muzeyi – koʻhna tarix darakchisi

Poykent muzeyi – koʻhna tarix darakchisi

X asrga taalluqli masjid mehrobiga “Buyuklikning egasi Ollohdir” deya bitilgan.

Moziy tangalari – hisob-kitob “yangalari”.

Ne-ne suronlarni koʻrgan qurol-aslahalar.

Qadimgi Poykent shunday koʻrinishda edi.

Amerikalik olim soʻzlari.

Soʻgʻd ayollari ham shahlo koʻz boʻlishgan.

Poykent tibbiyot asboblari qancha bemorning dardiga davo boʻlgan ekan-a?

Yosh arxeolog kechagina topgan sensatsiya – xumdondagi metall parchalar.

Miloddan avvalgi davrlarga tegishli Soʻgʻd yozuvi tushirilgan idish parchasi ham kecha topildi. Uning maʼnosi nima ekan?

Sosoniylar davri tangalari faqat Buxoroda uchraydi.

Kelajakni nishonga olgan yoy oʻqi.

Ilmiy farazlarni oʻzgartirib yuborishi mumkin boʻlgan metalga ishlov berish xumdoni.

Buxoroda rossiyalik arxeologlar ish olib bormoqda. Ularning rahbari Andrey Omelchenko hayratda.

Moziydan qolgan 18 metrlik quduqda hamon suv bor.

Istam IBROHIMOV,
(Xalq soʻzi”)

Suratlarni Hasan Paydoyev olgan


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?