Buxoroda “Nafosat — 2020” festivali boʻlib oʻtmoqda

10:51 21 Noyabr 2020 Madaniyat
156 0

Aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kiyinish madaniyatini yana-da rivojlantirishni hayotning oʻzi taqoza etmoqda. Chunki bu milliy qiyofani saqlashning asosiy omillaridan sanaladi. Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash komissisi tashabbusi koʻra, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Buxoroda “Nafosat — 2020” festivali oʻtkazilmoqda.

Keyingi yillarda jamiyatimizda xotin-qizlar mavqeini yana-da oshirish, ularning davlat va jamoat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi.Festivalning “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida tashkil etilgan ochilish marosimida ana shu alohida taʼkidlandi.

Sir emas, ijtimoiy hayotda ayollar oʻrni ortib borar ekan, ularning kiyinishi, tashqi koʻrinishiga eʼtibor oshadi. Mentalitetimizga mos milliy va zamonaviy ruhdagi liboslar dizaynini yaratish, shunday kiyim-kechaklarni targʻibot qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan Buxoro dizaynerlari va hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy liboslar koʻrgazmasi, “Ayollar va yoshlar orasida kiyinish madaniyati” mavzuidagi seminar-trening, yetakchi dizaynerlarning “Moda va anʼanalar”, “Oʻzbek ayolining imiji” kabi mavzularda qilingan maʼruzalar festival ishtirokchilari, jumladan, xorijlik va respublikamizning turli viloyatlaridan kelgan mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi.

— Milliy va zamonaviy liboslar targʻibotiga bagʻishlangan bu nufuzli tadbirda qatnashayotganimizdan juda xursandmiz, — deydi buxorolik hunarmand M. Salimova. — Oilaviy korxonamizda mahalliy xom ashyodan ishlab chiqarilayotgan kiyimlar milliy mentalitetimizga mosligi, kishi salomatligi uchun foydaliligi, sifati bilan alohida ajralib turadi. Biz hatto pandemiya sharoitida ham faoliyatimizni toʻxtatmadik. Ishchilarimiz uylarida turib buyurtmalarimizni ado etishdi. Natijada uch oy ichida xorijga 110 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarimizni eksport qilishga muvaffaq boʻldik. Bundan yetti-sakkiz yil avval 20 chogʻli ishchimiz bor edi. Keyingi ikki-uch yil ichida ular soni 100 nafardan oshdi. Buni davlatimizning biz, xalq amaliy sanʼati ustalariga yaratib berayotgan shart-sharoiti samarasi deb bilaman.

Buxoroda festival tadbirlari davom etayapti. Unga koʻra, “Buxoro milliy liboslar tarixi” modalar namoyishi, “Ovatsiya” modalar teatri chiqishlari, mavzuga oid davra suhbatlari oʻtkaziladi. Shuningdek, uning qatnashchilari Buxoroning yetakchi korxonalarida ham boʻlib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishmoqdalar.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?