Buxoroda Maʼnaviyat bayrami oʻtkazildi

14:37 25 Oktyabr 2019 Jamiyat
216 0

Buxoroda respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan viloyat hokimligi bilan hamkorlikda Maʼnaviyat festivali oʻtkazildi.

Respublikamizning taniqli yozuvchi va shoirlari, olimlar, sanʼatkorlardan iborat targʻibot guruhi ikki kun davomida viloyatda boʻldi. Guruh aʼzolari oliy oʻquv yurtlari, umumtaʼlim maktablari, mahallalarda boʻlib, aholi, xususan, yoshlar bilan maroqli suhbatlar qurdilar.

Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro davlat universitetida oʻtkazildi.14 ming nafarga yaqin talaba – yoshlar tahsil olayotgan bu dargohdagi uchrashuv chinakamiga maʼnaviyat bayramiga aylandi.Oʻzbekiston Xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti professori, filologiya fanlari doktori Nodira Egamberdiyeva, Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi, Oʻzbekiston Xalq artisti Gavhar Zokirova va boshqalarning milliy qadriyatlarimizni asrab – avaylash, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ajdodlarga munosib farzand boʻlib yetishish kabi mavzulardagi chiqishlari, ona-Vatan, insoniylik, mehr – oqibat madh etilgan sheʼrlar, yangragan kuy – taronalar yigʻilganlarning olqishiga sazovor boʻldi.Kitoblar koʻrgazmasi tashkil etildi.Yoshlarning oʻz qoʻllari bilan tayyorlagan rang – barang buyumlar namoyishi oʻtkazildi.

-Oiladagi farzandlarimiz, bilim dargohlarida tahsil olayotgan oʻgʻil – qizlarimiz maʼnaviyatli boʻlishsa, bugungi yoshlar barkamol avlod boʻlib voyaga yetadi.Bunday yoshlar hayotdan oʻz oʻrinlarini topishda qiynalishmaydi - deydi targʻibot guruhi aʼzosi,Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Oynisa Musulmonova.- Biz uchrashuvlarda mana shu haqiqatni hayotiy misollar asosida yoshlar ongiga yetkazishga harakat qilayapmiz.

“Koʻksimni togʻ etgan osmonsan, Vatan!” shiori ostida tashkil etilgan shunday uchrashuvlar Mehribonlik uyi, Buxoro neft va gaz sanoati kolleji, Buxoro muhandislik – texnologiya instituti va boshqa bir qator muassasalarda ham boʻlib oʻtdi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?