Buxoroda Xalqaro matematika maktabi tashkil etiladi. U yerda kimlar oʻqishi mumkin?

09:23 12 Avgust 2019 Jamiyat
130 0

Illyustrativ foto

Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Qorakoʻl tumanidagi 1-son ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatiga “xalqaro matematika maktabi” maqomi berildi.

Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda aniq va tabiiy fanlar, shuningdek, chet tillarini chuqur oʻqitish, oʻquvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish hamda ularni respublika va xalqaro fan olimpiadalariga qatnashishga tayyorlash xalqaro maktabning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

2019-2020 oʻquv yilidan boshlab maktabning 7-sinfiga 90 nafar oʻquvchi qabul qilinadi.

Xalqaro maktabda matematika faniga qiziquvchi xorijiy mamlakatlar fuqarolari ham shartnoma asosida taʼlim olishlari mumkin.

Shuningdek, oʻquvchilarga yanada chuqurroq bilim berish maqsadida xalqaro maktabga xorijiy mamlakatlardan ham oʻqituvchilarni ishga qabul qilishga ruxsat etildi.

2019-2020 oʻquv yilidan boshlab xalqaro maktab direktori, oʻrinbosarlari va oʻqituvchilariga byudjet mablagʻalari hisobidan 100 foiz qoʻshimcha ustama haq toʻlanadi.

Hujjat haqidagi toʻliq maʼlumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?