Buxoroda yirik loyiha asosida bunyod etilgan noyob korxona bankrotlik yoqasiga kelmoqda.Nega?

14:54 06 Noyabr 2019 Jamiyat
308 0

Xorijiy davlatlarda chiqindini qayta ishlab tayyor mahsulotga aylantiradigan korxonalar borligi toʻgʻrisida koʻp eshitganmiz.Bir necha yil muqaddam buxorolik tadbirkorlar ham xuddi shunday loyihani roʻyobga chiqarish saʼy – harakatiga kirishgandilar.Bu oʻz natijasini berdi.Kogon tumanidagi sobiq chorvachilik majmuasi “Aholitrans” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga investitsiya kiritish sharti bilan nol qiymatda ajratildi.Korxona tadbirkorlari Xitoydan zamonaviy saralash hamda chiqindilarni qayta ishlash liniyalarini, shuningdek, zarur boshqa texnika vositalarini xarid qilishdi.

Natijada viloyatda ilk bor qattiq maishiy chiqindilardan iqtisodiyot tarmoqlari uchun kerakli muqobil yoqilgʻi, briket koʻmir, imoratbop bloklar, jami oʻn turdan ziyod mahsulot tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Loyihaga “noyob”, “jozibador”, deya bemalol taʼrif berish mumkin.Bunga ishonch hosil qilish uchun uning bir qirrasiga nazar tashlash kifoya.Deylik,chiqindidan ikkilamchi yoqilgʻi tayyorlanmoqda.Oʻz navbatida shu yoqilgʻidan foydalanilgan holda briket koʻmir ishlab chiqarilmoqda.Tabiiy gazga zigʻircha ehtiyoj qolmayapti.

-Biz loyihani roʻyobga chiqarishdan avval viloyatda qancha qattiq maishiy chiqindi hosil boʻlishini hisob – kitob qilgan holda ishga kirishgan edik, albatta,-deydi “Aholitrans” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Feruz Rashidov.- Korxonamiz 8 soatda 400 tonna chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega.Ammo kutilmaganda xom ashyo taqchilligiga duch kelib qoldik.

Bu haqda toʻxtalishdan avval taʼkidlash joizki, taʼsischilar harakati bilan tizimda ish klaster usulida yoʻlga qoʻyilgan.”Maxsusavtoxoʻjalik” masʼuliyati cheklangan jamiyati chiqindilarni toʻplaydi, “Aholitrans” esa ularni qayta ishlaydi.

Ishning shu tariqa tashkil etilishi nafaqat viloyat, balki respublika hukumati darajasida qoʻllab – quvvatlandi.Jumladan, davlatimiz rahbarining 2017-yil 10 11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan majlis bayonida alohida qayd etilganidek, respublikaning 12 ta yirik shahrida davlat – xususiy sheriklik asosida chiqindilarni yigʻish, tashish, utilizatsiya qilish va ularni qayta ishlashning barcha jarayonlarini qamrab oluvchi klasterlar tashkil qilish vazifasi qoʻyildi.

Bir qarashda hammasi risoladagidek borayotgandi.2018-yilning dekabriga kelib bu yerda ishlovchilar soni 800 nafarga yetdi.5 milliard soʻm mablagʻ evaziga joylarda axlat yigʻiladigan maydonchalar barpo etildi.Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, ishchilar uchun turar – joylar, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurish chora – tadbirlariga kirishildi.Ammo yuqorida qayd etganimizdek, kutilmaganda xom ashyo muammosi yuzaga keldi.

Gap shundaki, Kogon va Buxoro shahri axlatxonalaridan qogʻoz, yelim idish, temir parchasi kabi chiqindilarni saralab olishning ustasi boʻlgan “shovvozlar” koʻpaydi.Ularni qabul qiladigan sexlar ham.Birgina Buxoro shahrida shunday sexlarning chamasi elliktasi bor.Bu tadbirkorlar, agar shuni ishbilarmonlik deb bilsak, chiqindi qogʻoz, yelim idish va hokazolarni qabul qilib viloyat tashqarisidagi mijozlarga sotishayapti. Vaholanki, biz yuqorida taʼkidlagan yigʻilish bayonida chiqindilarning boshqa viloyatlarga olib chiqilishiga yoʻl qoʻymaslik zarurligi aytilgan.Qolaversa, bu sexlar faoliyatini nazoratga oladigan mexanizm mavjud emas.Deylik, qogʻoz qabul qilish uchun litsenziya olgan tadbirkor yelim idish ham toʻplab sotish bilan shugʻullanayapti.

-Agar bir avtomashina chiqindini 100 foiz deb olsak, shuning 93 foizidan ikkilamchi mahsulot chiqadi,- deydi Feruz Rashidov.- Shu dalilning oʻziyoq chiqindini qayta ishlash samarasi juda kattaligini, inson salomatligi,atrof – muhit tozaligi uchun ulkan ahamiyatga egaligini koʻrsatadi.

Xom ashyo taqchilligi yuzaga kelgach, korxona toʻla quvvat bilan qanday ishlasin?Shu boisdan ham 600 nafar kishiga oʻz hisobidan taʼtil berildi.Hozir bu yerda 300 nafar atrofida ishchi mehnat qilayapti, xolos.

Bir muammo ikkinchisini yetaklab keladi.Korxona yirik loyihani roʻyobga chiqarish uchun jami 67 milliard soʻm miqdorida kredit olgan.Toʻla quvvat bilan ishlamagan korxona bu kreditni qanday “qoplasin”?Qolaversa, moliyaviy muassasa tomonidan kredit foizining 14 foiz qilib belgilanishi korxonaning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qilayotgani yoʻq.

-Viloyat hokimligining qoʻllab – quvvatlashi tufayli korxonamiz duch kelgan muammolar yechimiga yoʻl izlanmoqda,-deydi “Maxsusavtoxoʻjalik” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Alisher Nazarov.- Tashkilotlarga zarur topshiriqlar berilayapti. Biroq korxonamizni bankrotlik yoqasiga olib kelayotgan masalalar oz emas.Masalan, qarzdorlikni olib koʻraylik.2019-yil 1-yanvar holatida aholiga xizmat koʻrsatish boʻyicha qarzdorlik 2 279,5 million soʻmni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda 5 550,3 million soʻmga yetdi.Biz oʻz nazoratchilarimizni ham Majburiy ijro byurosi xodimlariga koʻmaklashish uchun jalb etganmiz.Har oy oʻrtacha 65 – 70 foiz miqdoridagi tushum nazoratchilarimiz hissasiga toʻgʻri kelayapti. Biroq qarzdorlik kamaymayapti.Bu ishchi – xodimlarga maoshni oʻz vaqtida berish, kredit boʻyicha qarzlarni toʻlashda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Yana bir gap.Prezidentimizning 2019-yil 17-apreldagi “2019 – 2028-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish boʻyicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini koʻzda tutuvchi “ifloslantiruvchi toʻlaydi” prinsipini joriy etish ortga surilib kelinmoqda. Bu vazifahali – hanuz bizning zimmamizda.

-Loyihada biz chiqindidan sintefon ishlab chiqarishni ham koʻzda tutganmiz,-deydi Feruz Rashidov. -Bu korxonaning daromad manbaini sezilarli darajada oshirgan boʻlur edi.AmmoXitoyning biz bilan shartnoma tuzgan uskuna yetkazib beruvchi kompaniyasi bu ishni paysalga solayapti.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, yaxshi niyatlar bilan klaster asosida ish boshlagan korxona muammolar girdobida. Zudlik bilan yechimi topilmasa, bu yirik va kamyob ijtimoiy loyiha suvga tushgan toshdek choʻkib ketishi, korxona bankrot boʻlib, yuzlab ishchilar ishsizlar safini toʻldirishi mumkin.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?