Buxoroda Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga Prezidentning mukofot pullari topshirilmoqda

16:07 06 May 2019 Jamiyat
571 0

Buxoroda viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev hamda jamoatchilik vakillari tomonidan Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 74 yilligi munosabati bilan urush va mehnat fronti faxriylariga Oʻzbekiston Prezidentining pul mukofotlari topshirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimi matbuot xizmati rahbari Olim Joʻrayev xabar qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, viloyatda bugun 49 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi istiqomat qilmoqda. Ularning barchasiga Prezidentning 7,5 million, viloyat hokimining 1,5 million soʻmlik pul mukofoti, tuman, shahar hokimlari va homiylarning qimmatbaho sovgʻalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilmoqda. Bundan tashqari, ularning uyi taʼmirlab berilyapti. Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan ehtiyojmandlar nogironlik aravachasi va eshitish moslamalari bilan taʼminlanmoqda.

- 99 yoshni qarshiladim. Ikki oʻgʻil, yetti qiz, 30 dan ortiq nevara, 50 ga yaqin evaram bor.Qoʻlimga qurol olib, urushga kirganimda 17 yoshli yigit edim. Ayovsiz janglarda qanday dahshatlarni koʻrmadim. Urushda avvalo ota-onam, yaqinlarim, qishlogʻimni koʻz oldimga keltirar edim. Yaratganga shukr, bizga shunday dorilomon kunlarni koʻrish nasib etdi. Ilohim, tinchligimizga koʻz tegmasin, yer yuzida urush boʻlmasin. Bayram yaqinlashgan sari xonadonimizdan mehmon arimay qoldi, – deydi Romitan tumani “Poyjoʻy” mahallasida yashovchi urush qatnashchisi Sattor Hayitov, – Har kuni hokimlikdan, “Nuroniy” jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlardan vakillar kelib, hol-ahvol soʻrayapti, sovgʻa-salom bermoqda. Buning barchasi yurtimizda inson manfaatlarini taʼminlash, keksalarni eʼzozlashga boʻlgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor samarasidir.

Viloyat rahbari boshchiligidagi xuddi shunday tadbirlar Kogon shahri, Kogon, Qorovulbozor, Peshkoʻ, Romitan va Vobkent tumanlarida yashayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari Homid Tursunov, Nazar Sherov, Hasan Shonazarov, Karim Roziqov, Ahror Jalilov hamda marhum podpolkovnik NailShafigulin xonadonlarida ham boʻlib oʻtdi.

Bir martalik pul mukofoti, maishiy texnikalar, yumshoq mebellar toʻplami va boshqa qimmatbaho sovgʻalar topshirish davom etmoqda.

Laylo Hayitova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?