Buxoroda “Gʻijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali boʻlib oʻtdi

10:50 20 May 2019 Jamiyat
327 0

Gʻijduvon tumani markazidagi istirohat bogʻida boʻlib oʻtgan “Gʻijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Buxoroyi sharifda milliy, madaniy va maʼnaviy qadriyatlarning ulugʻlanayotganidan darak ekanligini yana bir karra isbotladi. Bu haqda Gʻijduvon tumani hokimi oʻrinbosari Shonazar Gʻaybullayev maʼlum qildi.

Gʻijduvon tuman hokimligi, viloyat Madaniyat ishlari boshqarmasi, viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti, “Hunarmand” uyushmasi va boshqa qator tashkilotlar tashabbusi bilan oʻtkazilgan ushbu festivalda hunarmandlaru pazandalar, turli sayyohlik firmalari vakillari hamda xorijlik mehmonlar qatnashdi.

- Tajribali va mohir ustalar mehnati bilan yaratilgan betakror sanʼat asarlari, kulolchilik koʻrgazma-yarmarkalari, shuningdek, oʻtmish ustalari jilo bergan zargarlik, zardoʻzlik, kashtachilik, kandakorlik buyumlari, ipak gilamlar namoyishlari, xalqimizning boy madaniy merosi, anʼanalarini oʻzida aks ettirgan folklor jamoalarning chiqishlari festival nufuzini yanada oshirdi, deya olaman. Gʻijduvon tumanida ilk bor oʻtkazilayotgan milliy festivalda tumandagi 75 ta mahalladan 222 nafar hunarmand va 100dan ortiq mahoratli pazandalar ishtirok etishdi. Festivalni oʻtkazishdan asosiy koʻzlangan maqsad – milliy qadriyatlarimizni tiklash va boyitishdan iborat edi. Biz maqsadga nechogʻli erishdik, ammo mazkur festival bu boradagi ishlarning davomi sifatida boqiy merosimiz va anʼanalarimizni kelgusi avlodlarga yetkazishda oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtay oldi,-dedi Gʻijduvon tuman hokimi Murodjon Umarov.

Festivalda viloyat Turizmni rivojlantirish departamenti tashabbusi bilan xorijlik sayyohlar ham tashrif buyurgan.

Aleida Simon, Niderlandiya:

- Gʻijduvonga ikkinchi bor kelyapman. 2015 yilda xalqaro Gran-pri mukofoti sovrindori Alisher Narzullayev xonadonida boʻlganmiz. Bugun ushbu mashhur kulol bilan yana bir karra uchrashdik. (kulib). Xalqingizning mehmondoʻstligi, hunarmandchilikka ishtiyoqi balandligi bizni hayratda qoldirdi. Qoʻl mehnati bilan yasalgan boshqa turli hunarmandchilik mahsulotlarigayam gap yoʻq.

“Gʻijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali doirasida oʻtkazilgan pazandalar tanlovida “Armechan” mahallasi pazandalarining qoʻli baland kelgan boʻlsa, xalqobodlik musiqa asboblari yasaydigan ustalar va oqgullik beshiksozlar munosib taqdirlangan.

Tumandagi 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabi jamoasi “Besh tashabbus – besh imkoniyat”da “Eng qimmatli gʻoya muallifi” boʻlgan.

Tashkil etilgan Mehnat yarmarkasida 35 nafar yoshlarning ish bilan bandligi taʼminlanib, 96 nafar yosh hunarmandlar “Hunarmand” uyushmasi safini toʻldirgan.

“Gʻijduvon kulolchiligi va pazandalari” festivali joriy yilning 25-26 may kunlari Buxoroda boʻlib oʻtadigan XVIII-Xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivalining debochasi sifatida oʻtkazilgan.

Laylo Hayitova


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?